O‘zbekiston va Gruziya munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarilib, strategik sheriklik maqomini oldi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidzening taklifiga binoan 2-3 iyul kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘ldi.
Davlatimiz rahbari 3 iyul kuni Tbilisi shahridagi Qahramonlar maydoniga tashrif buyurdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sharafiga faxriy qorovul saf tortdi.
Mamlakatimiz etakchisi Gruziya birligi uchun halok bo‘lgan qahramonlar yodgorligi poyiga gulchambar qo‘ydi. Harbiy orkestr ijrosida O‘zbekiston va Gruziya davlat madhiyalari yangradi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze tor doirada va ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida muzokara o‘tkazdilar.
Davlatimiz rahbari uchrashuv avvalida O‘zbekiston Prezidentining Gruziyaga yigirma yildan ortiq davrda birinchi marta amalga oshirilayotgan ushbu davlat tashrifi O‘zbekiston – Gruziya munosabatlarini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishda alohida ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-tranzit, turizm hamda madaniy-gumanitar sohalardagi amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Barcha darajalardagi muloqotlar izchil rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Tomonlar hukumatlar, parlamentlar, ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi faol aloqalarni hamda madaniy-gumanitar almashinuvlarni davom ettirish muhimligini ta’kidladilar.
O‘tgan yili ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 270 million dollarni tashkil etdi, joriy yil boshidan buyon esa 100 million dollardan oshdi. Yaqin yillarda ushbu ko‘rsatkichni 1 milliard dollarga etkazish, savdodagi nomutanosiblikni bartaraf etish, sanoat ko‘rgazmalarini o‘zaro o‘tkazish orqali ikki mamlakat o‘rtasida talab yuqori bo‘lgan mahsulotlarni etkazib berish hajmini oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni qabul qilishga kelishib olindi.
Transport-tranzit sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, ushbu muhim yo‘nalish salohiyatidan to‘laqonli foydalanish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish masalalari muhokama qilindi.
Mamlakatimiz yuklarini tashishda Poti va Batumi portlari infratuzilmasidan faol foydalanish choralariga alohida e’tibor qaratildi. Gruziyada logistika xabini, unda esa sanoat zonasi va O‘zbekiston mahsulotlari uchun shourum tashkil etish rejalari qo‘llab-quvvatlandi.
Davlatimiz rahbari “Boku – Tbilisi – Kars” temir yo‘lining ishga tushirilganini olqishladi. Uni barpo etilayotgan “Xitoy – Qirg’iziston – O‘zbekiston” temir yo‘l magistrali bilan bog’lash masalasini o‘rganish taklif etildi.
Sanoat kooperatsiyasi hamkorlikning alohida ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilandi. Kuni kecha o‘tkazilgan qo‘shma biznes forumi natijalariga yuksak baho berildi. Uning yakunlari bo‘yicha 2027 yilgacha mo‘ljallangan Kooperatsiya dasturi imzolandi.
Qishloq xo‘jaligi, elektrotexnika va energetika tarmoqlari, farmatsevtika, oziq-ovqat va engil sanoat, qurilish materiallari ishlab chiqarish va development, raqamlashtirish, axborot texnologiyalari, raqamli bank hamda turizm sohalarida yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Loyihaviy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shma Investitsiya jamg’armasini tashkil etish taklif qilindi.
Madaniy-gumanitar aloqalar faol kengaymoqda. Joriy yilning mart oyida Toshkent shahrida Gruziya madaniyati kunlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
O‘zbekiston Prezidenti Gruziya tomoniga Tbilisidagi bog’lardan biriga buyuk shoir Alisher Navoiy nomini berishga qaror qilgani uchun minnatdorlik bildirdi.
Joriy yilda O‘zbekistonda qo‘shma ta’lim va turizm forumlarini o‘tkazish rejalashtirildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Gruziyadagi elchixonasini ta’sis etish to‘g’risida qaror qabul qilindi.
Muzokaralar natijasida erishilgan kelishuvlar ijrosini ta’minlashga qaratilgan qo‘shma “yo‘l xaritasi” tayyorlanadi.
Bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g’risidagi deklaratsiyani imzoladilar.
Shuningdek, delegatsiyalar rahbarlari huzurida qator ikki tomonlama hujjatlar almashildi. Jumladan:
– Bojxona ishlarida hamkorlik va o‘zaro ma’muriy yordam to‘g’risida bitim;
– Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va raqamlashtirish sohasidagi hamkorlik to‘g’risida bitim;
– Kasbiy va oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlik to‘g’risida bitim;
– O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Gruziya Hukumati o‘rtasida 2026-2027 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi;
– O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi va Gruziya Madaniyat vazirligi o‘rtasida 2027-2030 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi;
– O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi va Gruziya Moliya vazirligi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi;
– “E-Permit” ruxsatnomalar almashinuvi axborot tizimini joriy etish bo‘yicha hamkorlik to‘g’risida memorandum;
– Qishloq xo‘jaligi sohasida o‘zaro anglashuv memorandumi;
– Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlik to‘g’risida memorandum;
– Sog’liqni saqlash sohasida o‘zaro anglashuv memorandumi;
– Radiatsiyaviy himoya va yadroviy xavfsizlik masalalari bo‘yicha hamkorlik hamda axborot almashish to‘g’risida memorandum;
– Mehnat migratsiyasi sohasida o‘zaro anglashuv memorandumi;
– Turizm sohasidagi hamkorlik to‘g’risida memorandum.
Shuningdek, tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi bilan Gruziya Adliya vazirligi huzuridagi Milliy ijro byurosi o‘rtasida hamkorlik to‘g’risida memorandum ham imzolandi.
So‘ng O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze Tbilisi shahrida o‘zbek xalqining buyuk farzandi, shoir va mutafakkir Alisher Navoiy haykalining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdilar.
Alisher Navoiyning merosi nafaqat o‘zbek xalqi, balki butun insoniyat boyligidir. Hayotning o‘ziga xos entsiklopediyasiga aylangan hazrat Navoiyning asarlari ko‘plab avlodlarni ilhomlantirib kelmoqda, tadqiqotchilar, adabiyot ixlosmandlari hamda Sharqning boy ma’naviy dunyosini chuqurroq anglamoqchi bo‘lgan barcha insonlar uchun bilim manbai bo‘lib xizmat qilmoqda.
Tbilisi shahrida Alisher Navoiy haykalining ochilishi O‘zbekiston bilan Gruziya o‘rtasidagi madaniy aloqalar tarixida yana bir muhim voqea bo‘ldi. Xalqlarimizni azaldan savdo yo‘llari, do‘stlik va o‘zaro hurmat rishtalari bog’lab kelgan, bir-birimizning boy madaniy merosimizga qiziqishimiz katta.
O‘zbekistonda buyuk gruzin shoiri Shota Rustaveli ijodini chuqur hurmat qilishadi va qadrlashadi. Toshkentning markaziy ko‘chalaridan biri uning nomi bilan atalgan, gruzin mumtoz adabiyotining buyuk namoyandasiga haykal o‘rnatilgan. O‘z navbatida, o‘tgan yilda Tbilisi markaziy bog’laridan biriga Alisher Navoiy nomi berildi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston bilan Gruziya o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarildi. Tbilisi shahrida O‘zbekiston madaniyati va kinosi kunlari, Toshkent shahrida esa Gruziya madaniyati kunlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
Marosimda Alisher Navoiy jahon adabiyotining buyuk namoyandasi ekani, uning bebaho ijodi asrlar davomida odamlarni insonparvarlik, ma’rifat, tafakkur va o‘zaro hurmatga chorlab kelayotgani ta’kidlandi.
Tbilisi shahridagi Alisher Navoiy haykali O‘zbekiston va Gruziya xalqlari o‘rtasida mustahkamlanib borayotgan do‘stlik rishtalarining yana bir yorqin ramzi bo‘lishiga ishonch bildirildi.
Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Gruziyaga davlat tashrifi doirasidagi tadbirlar yakuniga etdi. Shota Rustaveli nomidagi xalqaro aeroportda oliy martabali mehmonni Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze kuzatib qo‘ydi.
O‘zA