Chexiya Bosh vaziri Andrey Babish rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga keldi

Chexiya Respublikasi Bosh vaziri Andrey Babish 29-aprel kuni rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga keldi.
Oliy martabali mehmonni “Toshkent-Humo” xalqaro aeroportida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va boshqa rasmiylar kutib oldi.
Tashrif dasturiga muvofiq, Toshkent shahrida oliy darajadagi muzokaralar bo‘lib o‘tadi, ko‘p qirrali O‘zbekiston – Chexiya hamkorligini yanada rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqiladi.
O‘zaro savdoni ko‘paytirish, mashinasozlik, “yashil” energetika, kimyo, farmatsevtika va transport sohalarida kooperatsiyani kengaytirish diqqat markazida bo‘ladi.
Madaniy-gumanitar va ta’lim sohalaridagi hamkorlik masalalari muhokama qilinadi hamda o‘zaro qo‘llab-quvvatlash yuzasidan ham fikr almashiladi. Ikki tomonlama hujjatlar imzolanishi ko‘zda tutilgan.
Tashrif doirasida Bosh vazir Andrey Babish O‘zbekiston – Chexiya biznes- forumida ham ishtirok etadi.
Abdulaziz RUSTAMOV, Otabek MIRSOATOV (surat), O‘zA