Saylovni o‘tkazishga oid norma va qoidalar taqdim etildi

510

Joriy yilning 12 aprel kuni Xo‘jayli tumanida 37-sonli “Xo‘jayli” saylov okrugiga bo‘shab qolgan o‘ringa Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo‘qorg’i Kengesi deputati saylovi o‘tkazilishi belgilangan. Shu munosabat bilan tegishli uchastka saylov komissiyalari a’zolari uchun o‘quv-seminar tashkil etildi.

O‘quv-seminar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2024 yil 27 may kuni qabul qilingan “Saylov komissiyalari a’zolarining bilim va ko‘nikmalarini oshirishni tashkil etish to‘g’risida”gi 1331-sonli qaroriga asoslangan bo‘lib, seminar davomida komissiya a’zolariga saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish bo‘yicha tartib-qoidalar to‘g’risida keng tushunchalar berildi.

Xususan, Xo‘jayli tumani hokimining o‘rinbosari X.Xolmuratov, hokimlikning tashkiliy-kadrlar guruhi rahbari D.Tadjimuratov, Qoraqalpoq davlat universiteti professor-o‘qituvchilari A.Jumanov va E.Allambergenovlar O‘zbekiston Respublikasining “Saylov kodeksi”ga muvofiq, saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga oid norma, qoidalar bilan komissiya a’zolarini tanishtirdi.

Shuningdek, seminarda so‘zga chiqqanlar muhim siyosiy tadbirni saylov qonunchiligi talablari asosida yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Qoraqalpog’iston axborot agentligi.