Tojikiston Prezidenti Mustaqillik monumenti poyiga gulchambar qo‘ydi (+video)

173

Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo‘lib turibdi.

Oliy martabali mehmon 26-mart kuni “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga tashrif buyurib, Mustaqillik monumenti poyiga gulchambar qo‘ydi.

Ilm-ma’rifati, munosib amallari bilan millatlararo munosabatlarni yuksak darajada qadrlagan ajdodlarimiz merosi hamisha dunyo hamjamiyati e’tiborida.

“Yangi O‘zbekiston” bog‘ining Mustaqillik monumentida aks etgan ulug‘lar timsoli bugun barchamizga iftixor bag‘ishlaydi. Mamlakatimiz o‘tmishi va kelajagini aks ettiradi.

Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon Mustaqillik monumenti poyiga gulchambar qo‘yar ekan, Vatan ozodligi, el farovonligining yorqin ifodasi sifatida mag‘rur qad rostlagan majmua qoshida ramziy bosh egdi.

Dunyo tamadduniga hamjihatlik bilan hissa qo‘shishni tarannum etgan bobolarimiz ma’rifatini e’tirof etib, ehtirom ko‘rsatdi.

Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov hamda boshqa rasmiylar ishtirok etdi.

Marhabo HOJIAKBAROVA,

Otabek MIRSOATOV (surat, video), O‘zA