Yangi O‘zbekiston Navro‘zi – yuksalish va taraqqiyot davri

“Yangi O‘zbekiston” bog‘ida Navro‘z umumxalq bayramiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Unda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, butun xalqimizni qutladi.
Davlatimiz rahbari o‘z tabrigida bu yilgi Navro‘z ayyomi muborak Ramazon hayiti bilan bir pallada nishonlanayotganini alohida ta’kidlab, tabiat uyg‘onishi va ruhiy poklanish ramzi bo‘lgan ushbu qutlug‘ kunlar barcha yurtdoshlarimiz uchun ezgulik, birdamlik va xayr-baraka bayrami ekanini qayd etdi. Shuningdek, dunyoning olis va yaqin mamlakatlarida mehnat qilayotgan, tahsil olayotgan vatandoshlarimizga samimiy salom va tilaklar yo‘llandi.

Prezidentimiz millati, tili va dinidan qat’i nazar, har bir yurtdoshimizni rozi qilish, xalqimiz farovonligini ta’minlash yo‘lidagi ishlar yangi bosqichga ko‘tarilayotganini ta’kidladi. Bu yil bayram “Navro‘zni ulug‘lash – insonni ulug‘lashdir!” degan g‘oya asosida o‘tayotgani ham ana shu ezgu maqsadlarning amaliy ifodasi ekani qayd etildi.

Marosimda barcha hududlarga, qishloq va ovullar, mahallalarga yangi O‘zbekiston nafasini olib kirish bo‘yicha katta harakat boshlangani ta’kidlandi. Yangi ish o‘rinlari yaratish, kambag‘allikni qisqartirish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish borasida ulkan qadamlar qo‘yilayotgani, yurtimizda zamonaviy korxonalar, kommunikatsiya tarmoqlari, shinam uy-joylar, ta’lim, tibbiyot, madaniyat va sport ob’ektlari barpo etilayotgani qayd etildi. Kelgusida bunday bunyodkorlik ishlari ko‘lami yanada kengayishi ta’kidlandi.

Davlatimiz rahbari ushbu fayzli tongda mirishkor dehqon va fermerlarimizga yuksak hurmat va ehtirom bildirdi. Ularning xalqimiz dasturxonini to‘kin va farovon qilishdek sharafli mehnati e’tirof etilib, bu borada davlat va jamiyat tomonidan doimiy qo‘llab-quvvatlash davom ettirilishi aytildi.

Prezidentimiz yangi O‘zbekiston mamlakatimiz yoshlari uchun yuksak parvozlar va katta g‘alabalar maydoniga aylanib borayotganini alohida ta’kidladi. Bugun ta’lim, ilm-fan, madaniyat va san’at, sport, axborot texnologiyalari va biznes sohalarida yangi nomlar, yangi qahramonlar paydo bo‘layotgani, ana shunday bilimli, jo‘shqin hamda izlanuvchan o‘g‘il-qizlar bilan butun xalqimiz haqli ravishda faxrlanishi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari yoshlarga murojaat qilib, ularga Uchinchi Renessans bunyodkorlari bo‘lishdek yuksak sharaf nasib etayotganini ta’kidladi. Ularni bugungi tinch va osoyishta hayotning, keng imkoniyatlar, ota-ona va ustoz-murabbiylar mehnatining qadriga yetib, tinimsiz o‘qib-o‘rganish, bilim va mahoratni doimiy oshirib borishga chaqirdi. Shu yo‘lda mamlakatimiz yoshlari uchun barcha zarur sharoitlarni yaratib berishga tayyorlik bildirildi.

Marosimda mahalla tizimining jamiyat hayotidagi o‘rniga ham alohida e’tibor qaratildi. “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”da katta dastur va rejalar amalga oshirilayotgani, bu ishlarga oila va jamiyatda tinchlik-totuvlikni, mehr-oqibatni mustahkamlash, ijtimoiy muammolarni joyida hal etish, ezgulik va adolatni qaror toptirishda otaxon va onaxonlar, “mahalla yettiligi” va faol fuqarolar yaqindan ishtirok etishlariga ishonch bildirildi.

Shu munosabat bilan Prezidentimiz ertaga nishonlanadigan Mahalla tizimi xodimlari kuni bilan jonkuyar mahalla raislari va faollarini, barcha yurtdoshlarimizni samimiy tabriklab, ularga yangi muvaffaqiyatlar tiladi.

Ta’kidlanganidek, ming yillar davomida xalqlar o‘rtasida ma’naviy ko‘prik bo‘lib kelayotgan Navro‘zning tinchlik, do‘stlik va hamkorlik g‘oyalari bugungi notinch zamonda yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Yurtimizda yashayotgan 130 dan ortiq millat va elat vakillari ushbu bayramni bir bo‘lib, shodu xurramlik bilan nishonlamoqda. Ana shunday ahillik va totuvlik yangi O‘zbekistonni birgalikda barpo etishning eng ishonchli kafolati ekani ta’kidlandi.

Jamiyatimizda millatlararo va dinlararo hamjihatlikni bundan buyon ham mustahkamlash uchun bor kuch va imkoniyatlar safarbar etilishi qayd etildi. Shuningdek, qo‘shni va qardosh mamlakatlar bilan birga yagona Markaziy Osiyo ovozi bo‘lib, mintaqamizning tinchlik, birodarlik va hamkorlik makoni sifatidagi nufuzini oshirishga ustuvor ahamiyat qaratilishi ta’kidlandi.

Davlatimiz rahbari tadbirda ishtirok etayotgan xorijiy davlatlar elchilari, xalqaro tashkilotlar vakillarini ham Xalqaro Navro‘z kuni bilan samimiy qutlab, ularning xalqlari va mamlakatlariga ezgu tilaklarini yo‘lladi.


Prezidentimiz butun xalqimizga yana bir bor murojaat qilib, shunday dedi:
“Azaliy an’analarimizni davom ettirib, ko‘chat ekib, bog‘ yarataylik, uyimiz, mahallamizni obod qilib, hayotimizni yanada go‘zal va farovon etaylik!
Yaxshi qo‘shnichilik, ahilligimiz va ezgu ishlarimiz bilan yuksak marralarga intilayotgan xalq ekanimizni dunyoga namoyon etaylik!
Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot, yangi tarix, yangi kelajak yarataylik!”.
Bayram katta konsert dasturi bilan davom etdi. Folklor-etnografik jamoalar hamda san’atkorlarning chiqishlari, milliy o‘yin va askiyalar barchaga zavq-shavq ulashdi.


Tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, parlament va hukumat a’zolari, turli hududlardan mehmonlar, mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.