O‘zbekistonning Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki bilan hamkorligi kengaymoqda

168

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki (OIIB) prezidenti  Szou Szyai bilan ilk rasmiy  uchrashuvini o‘tkazdi.

Vazirlik rahbari ushbu ko‘p tomonlama moliyaviy institut rahbarini lavozimga kirishgani bilan bilan qutlab, uning prezident sifatidagi ilk  tashrifi aynan Markaziy Osiyoga amalga oshirilgani ramziy ma’no kasb etishini ta’kidladi.

Muzokaralar davomida O‘zbekiston mazkur Bankning mintaqadagi eng yirik  hamkori bo‘lib qolayotganiga alohida urg‘u berildi.

Bank tomonidan Markaziy Osiyoda amalga oshirilayotgan barcha operatsiyalarning 51 foizi mamlakatimiz hissasiga to‘g‘ri keladi. Operatsiyalar hajmi bo‘yicha O‘zbekiston global reytingda Bankka a’zo mamlakatlar orasida oltinchi o‘rinni egallaydi.

Qo‘shma  loyihalar portfeli  7 milliard dollardan oshdi. 2024 yilda  Samarqandda Osiyo infratuzilma  investitsiyalari  banki Boshqaruvchilar kengashining to‘qqizinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tgani ham strategik hamkorlikni rivojlantirishda  muhim bosqich bo‘ldi.

Tomonlar 2030 yilgacha bo‘lgan o‘zaro hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini  muhokama qildi. Suveren bo‘lmagan moliyalashtirish hajmini kengaytirish, davlat-xususiy sherikchiligini qo‘llab-quvvatlash, yashil energetikani rivojlantirish hamda “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish masalalari shular jumlasidan.

Uchrashuv yakunida Laziz Qudratov Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki prezidentini shu yilning 16–19 iyun kunlari bo‘lib o‘tadigan Toshkent  xalqaro investitsiya forumiga taklif etdi.

                                        Aziza Alimova tayyorladi, O‘zA