Prezident tashabbuslari: Milliy tajribadan Global yechimlarga

38

Jahon hamjamiyati global muammolar fonida umumiy yechimlar izlayotgan bir paytda, Qatar poytaxti Dohada bo‘lib o‘tgan ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha ikkinchi Butunjahon sammiti o‘ziga xos muhokamalar maydoniga aylandi. Aynan shu yuksak minbardan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan yangragan tashabbuslar amaliy yechimlar va aniq harakatlar dasturi sifatida dunyo siyosatchilari diqqatini tortdi. Bu nutq Yangi O‘zbekistonning global taraqqiyotning faol ishtirokchisi va hattoki me’morlaridan biriga aylanish yo‘lidagi qat’iy qadamini namoyon etadi.

Prezident nutqining poydevorini Yangi O‘zbekistondagi eng asosiy tamoyil – “Inson qadri uchun” g‘oyasi tashkil etdi. Bu tamoyilning yangilangan Konstitutsiyamizda “ijtimoiy davlat” maqomi bilan mustahkamlangani, so‘nggi yillarda yurtimizda kambag‘allik darajasining 35 foizdan 6,6 foizgacha kamaygani kabi aniq dalillar bilan asoslangani O‘zbekiston takliflariga alohida zalvor bag‘ishladi. Zero, mamlakatimiz endi dunyoga faqat nazariy takliflarni emas, balki o‘zida sinovdan o‘tgan va yuksak natija bergan muvaffaqiyatli tajribani taqdim etmoqda. Shu bois, kambag‘allikka qarshi kurash uchun Global ijtimoiy adolat fondini tuzish taklifi shunchaki ezgu niyat emas, balki aniq ish mexanizmiga ega bo‘lgan, puxta o‘ylangan qadam hisoblanadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan o‘rtaga tashlangan yana bir muhim yo‘nalish istiqbolga qaratilgan bo‘lib, ta’lim va munosib mehnat orqali har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish imkonini berishdan iborat. Savodsizlikning o‘zi jahon iqtisodiyotiga yiliga 1,4 trillion dollar zarar keltirayotgani haqidagi fakt ta’limga kiritilgan sarmoya eng oqilona investitsiya ekanini yaqqol ko‘rsatadi. O‘zbekistonning bu borada ham o‘zining amaliy tajribasiga tayanishi e’tiborga molik. So‘nggi yillarda mamlakatimizda oliy ta’limga qamrovning keskin oshirilayotgani, yoshlar va ayollar bandligini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli dasturlar Jahon Banki kabi nufuzli tashkilotlar tomonidan ham e’tirof etilmoqda. Ijtimoiy mas’uliyat va munosib mehnat bo‘yicha global tashabbus esa ana shu ichki islohotlarning mantiqiy va global davomidir.

Nutqda aks etgan insonparvarlik ruhi mehnat migrantlari huquqlarini himoya qilish masalasida yanada yaqqol namoyon bo‘ldi. Dunyo bo‘ylab 300 milliondan ortiq kishini qamrab olgan ushbu hodisaga befarq qarab bo‘lmaydi. O‘zbekistonning xalqaro forum o‘tkazish va Global dastur qabul qilish taklifi uning nafaqat o‘z fuqarolari, balki taqdir taqozosi bilan o‘zga yurtlarda mehnat qilayotgan barcha insonlarning huquqlari uchun qayg‘urayotganidan dalolat beradi. Bu, o‘z navbatida, iqlim o‘zgarishining ijtimoiy oqibatlariga qarshi kurashish g‘oyasi bilan hamohangdir. O‘zbekistonning Orolbo‘yi mintaqasidagi fojia oqibatlarini bartaraf etish va uni ekologik innovatsiyalar hududiga aylantirish borasidagi tajribasi esa eng murakkab muammolarga ham ijodiy va samarali yechim topish mumkinligining ilhomlantiruvchi namunasi bo‘la oladi.

Doha sammitida yangragan bu fikrlar shunchaki tashabbuslar to‘plami emas. Bu – Yangi O‘zbekistonning jahon sahnasidagi yangi o‘rni, yangi qiyofasi va yangi ovozidir. Bu – ichki islohotlar orqali erishilgan o‘ziga ishonchning tashqi siyosatdagi proaktiv, bunyodkor va insonparvar pozitsiyaga aylanganining yorqin ifodasidir. Davlatimiz rahbarining nutqi dunyo hamjamiyatini har bir inson uchun munosib hayot yaratishdek ezgu maqsad yo‘lida birlashishga qaratilgan qudratli da’vat bo‘lib yangradi. Bu da’vat esa o‘z yurtida ulkan o‘zgarishlarni amalga oshirayotgan davlatning jahon taraqqiyotiga qo‘shishga tayyor bo‘lgan salmoqli hissasidir.

Alisher EGAMBERDIEV,

O‘zbekiston Milliy universiteti tayanch doktoranti