Sindorov “Grenke Freestyle Chess Open” turnirini g‘alaba bilan boshladi

352

Bugun, 18 aprel kuni Germaniyada shaxmat bo‘yicha o‘tkazilayotgan “Grenke Freestyle Chess Open” xalqaro turnirining 2-turida Javohir Sindorov oq donalarda germaniyalik Yonas Rosner bilan kuch sinashadi.

Mukofot jamg‘armasi 225 ming yevrodan iborat turnirning kecha o‘tgan 1-turida iste’dodli shaxmatchimiz qora donalarda germaniyalik Detlev Volter bilan ro‘baro‘ keldi va g‘alabaga erishdi.

Aytish lozim, xalqaro turnirda dunyo shaxmatida kuchlilikka da’vogar bo‘lgan 2996 nafar shaxmatchi turli toifalardagi bahslarda dona surmoqda.

Musobaqaning “A” toifasida FIDE reytingida yetakchi o‘rinlarni egallab kelayotgan 245 nafar ishtirokchi qatorida Magnus Karlsen, Fabiano Karuana, Uesli So, Levon Aronyan, Arjun Erigaisi, Maksim Vashe-Lagrav, Shaxriyor Mamedyarov, Yan Nepomnyashiy singari taniqli grossmeysterlar ishtirok etmoqda.

“Grenke Freestyle Chess Open” turniri g‘olibi 60 ming yevro bilan birga, Las-Vegasda o‘tkaziladigan “Freestyle Chess” turnirida qatnashish huquqini qo‘lga kiritadi. 2-o‘rin sohibi 40 ming, 3-o‘rinni egallagan shaxmatchi 30 ming yevroni qo‘lga kiritadi. Musobaqada kuchli o‘nlikdan joy olgan ishtirokchi 3 ming yevro sohibi bo‘ladi.

9 ta turdan iborat xalqaro turnir bahslari 21 aprelga qadar davom etadi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA