
O‘zbekiston Respublikasining Qatar Davlatidagi Favqulodda va muxtor elchisi Ashraf Xo‘jayev “Ar-Raya” nashriga bergan intervyusida o‘ziga xos xususiyatga ega muborak Ramazon oyi hamjihatlik ruhi bilan ajralib turishini ta’kidladi. Uning qo‘shimcha qilishicha, Ramazon yig‘inlari ijtimoiy birdamlik namoyishi sifatida go‘zal urf-odatlarimiz bilan uyg‘unlashib, jamiyatlar o‘rtasidagi muloqotni ham kuchaytiradi. Saxovat, mehmondo‘stlik kabi fazilatlar, ommaviy iftorlik dasturxonlari yozilishi, islom birdamligi, o‘zaro hamjihatlikka asoslangan qadriyatlar mujassam tadbirlar uyushtirilishi Qatar xalqiga ham xos, albatta. Ramazon an’analari va taomlari borasidagi ayrim farqlarga qaramay, mamlakatlarimizning muborak oydagi ijtimoiy va ma’naviy aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan sa’y-harakatlari hamohang.

– O‘zbekistonda chuqur ma’naviy ildizlarga ega Ramazon oyi oilalar, qarindosh-urug‘ va yaqinlarning ezgu niyat bilan iftor dasturxoni atrofida to‘planishi, masjidlarda tarovih namozi o‘qilishi, eng muhimi ehtiyojmandlarga xayr-ehson qilinishida namoyon bo‘ladi, – dedi Elchi. – Bu hamjihatlik, mehr-oqibat, birodarlik muhiti hukm suradigan oy.
M.Pirmatova, O‘zA