Avval xabar berganimizdek, Xitoyda U20 yosh toifasida futbol bo‘yicha Osiyo kubogi o‘tkazilmoqda. Unda qit’amizning 16 mamlakat terma jamoasi musobaqa g‘olibligi va kuzda Chilida o‘tadigan jahon chempionatiga yo‘llanma olish uchun o‘zaro raqobatlashmoqda.

Kuni kecha mazkur musobaqadagi bahslar start oldi. Aniqrog‘i, “A” guruhidan o‘rin olgan Avstraliya – Qirg‘iziston uchrashuvida 5:1 hisobi qayd etilgan bo‘lsa, Xitoy 2:1 hisobida Qatar terma jamoasidan ustun keldi. Ushbu natijalardan so‘ng, Avstraliya va Xitoy 3 ochko jamg‘argan holda gollar nisbatiga ko‘ra, 1 va 2-pog‘onadan joy oldi. Qatar hamda Qirg‘iziston esa 3-4 o‘rinlarda qoldi.

“A” guruhidagi ikkinchi tur o‘yinlari 15 fevral kuni bo‘lib o‘tadi. Shu kuni Qatar – Avstraliya, Qirg‘iziston – Xitoy U20 terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yinga guvoh bo‘lamiz.

Osiyo chempionatining, bugun, 13 fevral kungi o‘yinlar dasturidan 4 ta uchrashuv o‘rin olgan. Jumladan, “B” guruhida ilk turdagi bahslar Iroq – KXDR o‘yini bilan boshlanib, Iordaniya – Saudiya Arabistoni uchrashuvi bilan yakunlanadi.

Shuningdek, Farhod Nishonov boshchiligidagi O‘zbekiston U20 terma jamoasi “S” guruhidagi ilk o‘yinini Yaman termasiga qarshi o‘tkazadi.

O‘yin soat 14:15 da start oladi. Unda O‘zbekiston U20 terma jamoasi to‘liq ko‘k libosda, darvozabonimiz qora libosda harakatlanadi, raqib jamoa esa oq rangli futbol formasida maydonga tushadi. Bu guruhdagi ikkinchi o‘yin Eron va Indoneziya terma jamoalari o‘rtasida kechadi.

Ma’lumot o‘rnida: U20 yosh toifasida futbol bo‘yicha Osiyo kubogining oldingisi 2023 yil mamlakatimizda o‘tkazilgan bo‘lib, unda futbolchilarimiz so‘nggi hal qiluvchi final o‘yinida Iroq U20 termasini 1:0 hisobida taslim etib, bosh sovrinni qo‘lga kiritgan edi.

Javohir Toshxo‘jayev,

O‘zA