Qadoqlarga yodlangan osh tuzi deb, aslida yodlanmagan texnik tuz solinayotgan holatlar ham bor.

Senat yalpi majlisida Senat qo‘mitalari tomonidan vazirlik, idoralar, mahalliy kengashlar, hokimliklar, turli aql markazlari, ekspertlik guruhlari, fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikda tadbirlar, anjumanlar, o‘rganishlar, tahlillar, muhokamalar olib borilayotganiga e’tibor qaratildi.

Senat Raisi Tanzila Norboyeva Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari hamda Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitalari o‘zaro hamkorlikda “Yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasi to‘g‘risida”gi qonun talablariga rioya etilishi holatini atroflicha o‘rganganini qayd etdi.

– Yod tanqisligi ko‘plab mamlakatlarda bo‘lgani kabi biz uchun ham o‘ta dolzarb hisoblanadi, – dedi T.Norboyeva. – Tabiiy-iqlim sharoitimiz mazkur masalaga tizimli yondashib, muntazam chora-tadbirlar ko‘rib borishni taqozo etadi. Biroq, tahlillar ushbu yo‘nalishda e’tiborni kuchaytirish zarur bo‘lgan jihatlar borligini ko‘rsatmoqda. E’tibor qiling, o‘tgan yilning to‘qqiz oyi natijalariga ko‘ra, birgina osh tuzi bo‘yicha o‘tkazilgan 263  namunadan 65 tasida yoki chorak qismida, savdo va umumiy ovqatlanish joylari hamda maktab va bog‘chalardan olingan namunalarning esa o‘rta hisobda har uchtadan bittasida – yod miqdori belgilangan talabga javob bermasligi aniqlangan. Qadoqlarga yodlangan osh tuzi deb, aslida yodlanmagan texnik tuz solinayotgan holatlar ham bor. Qo‘mitalarimiz mazkur dolzarb masalaga e’tibor qaratganlari va mutasaddi tuzilmalarga zarur vazifa, ko‘rsatmalar berganlari yaxshi, albatta. Biroq, shu bilan to‘xtab qolmaslik kerak.

Majlisda berilgan topshiriqlar ijrosini doimiy nazorat qilish, tizimli muammolarni hal qilish bo‘yicha zarur takliflar ishlab chiqish kerakligi ta’kidlandi.

Millat salomatligi bilan bog‘liq shu kabi boshqa muhim masalalarga ham e’tibor qaratish zarur. Ayni paytda, Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi parlament nazorati doirasida bolalarga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifati hamda aholini sil kasalligidan muhofaza qilish borasida alohida o‘rganishlar o‘tkazayotgani alohida qayd etildi.

Norgul Abduraimova,  

O‘zA