Bugun, 2025 yil 23 yanvar kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining uchinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi.
Unda Senat va Hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etmoqda.
Senat Raisi Tanzila Norboyeva boshqarayotgan majlis videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda o‘tkazilmoqda. Majlis jarayonlari Senatning YouTube tarmog‘idagi rasmiy sahifasi orqali onlayn yoritilmoqda.

Majlisda “Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risida”, “Oziq-ovqat xavfsizligi to‘g‘risida”, “Mikromoliyalashtirish faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida” hamda “Banklardagi omonatlarni himoya qilish kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunlar muhokama qilinadi.
Shu bilan birga, “Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi hamda “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonunlar ham ko‘rib chiqiladi.
Shuningdek, senatorlar jonli ijro san’atini yanada rivojlantirish, voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimini takomillashtirish, shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish hamda alkogol va tamaki bozorini tartibga solish tizimini takomillashtirishga qaratilgan bir qator qonunlarni ham ko‘rib chiqishni rejalashtirgan.

Bundan tashqari, “Ekologik ekspertiza, atrof-muhitga ta’sirni baholash va strategik ekologik baholash to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan ekolog” faxriy unvonini ta’sis etish to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” hamda “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini, chet el fuqarolarini hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni yashash joyi va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risida”gi qonunlar ham yalpi majlis kun tartibidan o‘rin olgan.
“O‘zbekiston Respublikasi bilan Tojikiston Respublikasi o‘rtasida ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi Shartnomani (Dushanbe, 2024 yil 18 aprel) ratifikatsiya qilish haqida”gi, “Issiqxona gazlarining chiqarilishini cheklash to‘g‘risida”gi qonunlar hamda Senat kengashining qarorlarini tasdiqlash to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqiladi.
Yalpi majlisda muhokama qilinadigan barcha masalalar haqida batafsil yoritib boramiz. Bizni kuzatib boring!
N.Abduraimova,
N.Haydarov (surat),
O‘zA