“O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qatar Davlati Hukumati o‘rtasida ikki tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi Bitimni (Toshkent, 2024 yil 15 aprel) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun bilan ratifikatsiya qilinishi kutilayotgan Bitim 2024 yil 15 aprelda “Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” strategik muloqoti tashqi ishlar vazirliklari rahbarlarining ikkinchi yig‘ilishi doirasida O‘zbekiston va Qatarning tashqi ishlar vazirlari tomonidan imzolangan.
Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasining majlisida shu haqda so‘z yuritildi. Bitim ikki davlat o‘rtasida uzoq muddatli, konstruktiv va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga, shuningdek, do‘stlik va hamkorlik munosabatlarini strategik sheriklik darajasiga olib chiqishga qaratilgan.

Bitimda ta’lim va ilm-fan, sog‘liqni saqlash, madaniyat va madaniy meros, turizm, sport kabi muhim sohalarda hamkorlikni chuqurlashtirish ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, iqtisodiyot, boshqaruv, diplomatiya va turizm sohalarida kadrlar tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish yuzasidan tajriba almashish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish nazarda tutilgan.

Qonunning qabul qilinishi ikki davlatning ko‘p qirrali hamkorlik aloqalarini yanada chuqurlashtirishga, O‘zbekiston va Qatar o‘rtasida diplomatik aloqalarni strategik sheriklik darajasiga olib chiqishga xizmat qiladi.
Majlisda “O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Malayziya Hukumati o‘rtasida jinoiy ishlar bo‘yicha o‘zaro huquqiy yordam to‘g‘risidagi Shartnomani (Toshkent, 2023 yil 8 iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun ham ko‘rib chiqildi.
Shartnomada jinoiy ish bo‘yicha tergov hamda boshqa protsessual harakatlarni o‘tkazish bilan bog‘liq huquqiy yordam ko‘rsatish asoslari va shartlari ko‘rsatib o‘tilmoqda. Shu bilan birga, so‘rov shakli va mazmuni, uning ijrosini ta’minlash bilan bog‘liq xarajatlar taqsimoti, huquqiy yordam ko‘rsatishni rad etish asoslari, shartnoma doirasida olingan ma’lumot va dalillardan foydalanishda cheklovlar belgilanmoqda.
Qonun Malayziya hukumati bilan jinoiy ishlar bo‘yicha o‘zaro huquqiy yordam ko‘rsatish sohasidagi munosabatlarning huquqiy asoslarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Senatorlar, xalq deputatlari mahalliy kengashlarining doimiy komissiyalari a’zolari, mutaxassis va ekspertlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etgan majlis yakunida ko‘rilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
N.Abduraimova, O‘zA