Albaniyaning Tirana shahrida sport kurashlari bo‘yicha U23 yosh toifasida o‘tayotgan jahon chempionatining ikkinchi kunida O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Alisher G‘aniyev oltin medalni qo‘lga kiritdi.

Hamyurtimiz -60 kilogramm vazn toifasida Xalqaro sport kurashlari uyushmasi bayrog‘i ostida ishtirok etgan rossiyalik Dinislam Bammatov bilan kuch sinashdi.

Shiddatli kechgan bellashuvda Alisher G‘aniyev 8:4 hisobida g‘oliblikni tantana qildi va shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy egalladi.

Uning muvaffaqiyati tufayli Tirana shahridagi muhtasham sport majmuasi uzra Vatanimiz bayrog‘i yuksalib, madhiyamiz baralla yangradi.

Eslatib o‘tamiz, G‘aniyev ilk bellashuvda germaniyalik Georgios Skarpelloni 9:0, ruminiyalik Denis Mixaini 8:0, chorak finalda ukrainalik Bogdan Xrishinni 11:2,  yarim finalda Ozarbayjon terma jamoasi a’zosi Nihad Guluzadeni 9:0 hisobida taslim etdi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA