Janubiy Koreyaning Chuncheon shahri taekvondo WT bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatiga mezbonlik qilmoqda. 6 oktyabr kuniga qadar davom etadigan mazkur musobaqada O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi ham muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda.

Musobaqaning bugungi bahslarini vazni 45 kilogramm bo‘lgan hamyurtimiz Dilmurod Ma’rufjonov g‘alaba bilan boshladi. U ilk bosqichda xorvatiyalik Uilem Bezyakdan ustun keldi va 1/16 bosqichida tailandlik Nitipom Chayotah bilan raqobatlashadigan bo‘ldi.

Shuningdek, og‘ir vazndagi taekvondochimiz Nurlan Boyxo‘jayev ilk bosqich doirasida hindistonlik Manjit Singh Rathodga qarshi bahs olib bordi va g‘alaba qozondi. Uning keyingi raqibi avstraliyalik Ayden Stilley bo‘ladi.

Afsuski, kechagi bellashuvlardi Shabona Abduvaliyeva hamda Mubina Bobosaidova nimchorak finalda mag‘lubiyatga uchradi.

Shuningdek, bugungi bahslarda yana uch nafar taekvondochimiz turli vazn va bosqichlarda dayanga chiqadi. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, Laylo Hasanova — Iva Brayovich (Serbiya) va Feruza Ernazarova — Anna Badia Erpes (Ispaniya) o‘rtasidagi bellashuvlar bo‘lib o‘tadi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA