Jizzax viloyatining Zomin tumanida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hududlardagi barcha maxsus iqtisodiy va sanoat zonalari bo‘yicha direksiya rahbar va mas’ul xodimlari uchun seminar tashkil etildi.
Jizzax viloyati Investitsiyalar sanoat va savdo boshqarma boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari T.Abdunazarov, Zomin tumani hokimining o‘rinbosari J.Ayubjonovning hududda tashkil etilgan texnopark faoliyati, yaratilgan imkoniyatlar, amalga oshirilgan ishlar va belgilangan vazifalar taqdimoti shaklidagi ma’ruzalar ishtirokchilarga manzur bo‘ldi.
Bu yerda Xitoyning “Mingyuan” kompaniyasi bilan hamkorlikda “Texnopark” maxsus sanoat zonasi barpo etilmoqda. Buning uchun 400 gektar yer maydoni ajratilgan. Uni infratuzilma bilan ta’minlash bo‘yicha manzilli dastur tasdiqlanib, 160 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan.
Texnoparkda 30 dan ortiq loyihalar shakllantirildi va ularga xitoylik investorlar tomonidan 1 milliard 200 million AQSH dollari miqdorida investitsiya mablag‘lari yo‘naltirilmoqda. Ushbu sanoat zonasida tashqi bozorlarda talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar chiqaruvchi korxonalar tashkil etilmoqda.
Jumladan, elektrotexnika, mashinasozlik, qurilish materiallari, mebelsozlik, oziq-ovqat va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishidagi loyihalar amalga oshirilishi yo‘lida ishlar jadallik bilan olib borilayotganini alohida ta’kidlash joiz. Buning natijasida 5 mingdan ortiq ish o‘rinlari yaratiladi, 4 trillion 700 milliard so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqariladi hamda 70 million AQSH dollarlik eksport salohiyati yaratiladi.
Shuningdek, tadbirda mazkur sanoat zonasi – texnoparkda ofis markazi, bunyod etilayotgan korxona va zavodlarda mehnat qilishi ko‘zda tutilgan ishchi xizmatchilar va aholi uchun turar joylar, ekobog‘, ko‘rgazmalar zali va savdo markazi barpo etilishi ham ta’kidlab o‘tildi.
Respublika seminari ishtirokchilari tomonidan Zomin tumani Dashtobod shaharchasidagi “Ermak” MCHJning ish faoliyati ham o‘rganildi.
Tadbir so‘ngida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan javob oldi.
A.Qayumov, O‘zA.