Ichki ishlar vaziri general-leytenant Po‘lat Bobojonov boshchiligida ichki ishlar organlarida professional hamda boshqaruv kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish vazifalariga qaratilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Mustaqillik bayrami hamda rejalashtirilayotgan muhim siyosiy tadbir jarayonida kriminogen vaziyat barqarorligini ta’minlash va jamoat tartibini saqlash masalalari muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan ichki ishlar organlari uchun kadrlar tayyorlash tizimi zamon talablariga mos ravishda shakllangani qayd etildi.
Tizimning asosiy sohaviy xizmatlari hisoblangan huquqbuzarliklar profilaktikasi, tezkor qidiruv, ekspert – kriminalistika, jazoni ijro etish, probatsiya, tashkiliy shtab faoliyati bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash uchun imkoniyat yaratildi.
2021 yil 15 apreldagi “Ichki ishlar organlari uchun professional kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qaroribilan ichki ishlar organlari uchun rahbar kadrlarni tayyorlash bo‘yicha ilk bor ikki bosqichli magistratura («Tashkiliy-strategik boshqaruv» va «Tashkiliy-taktik boshqaruv») joriy etildi.
Bunda, kelajak rahbarlarni intellektual bilimli va yetuk professional kadrlar sifatida tayyorlash maqsadida yangicha ta’lim metodlari amaliyotga tatbiq etilmoqda. Xususan, o‘quv mashg‘ulotlari modullar asosida nazariy bilimlarni amaliyot bilan bog‘langan holda tashkil etilmoqda.
Tinglovchilar bilan senatorlar, deputatlar, vazirlik sohaviy xizmat rahbarlari sayyor o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazmoqda.
Sohada ilg‘or davlatlarning ijobiy tajribalarini o‘rganish maqsadida Qozog‘iston, Koreya, Rossiya, Turkiya va Xitoy davlatlariga xizmat safarlari uyushtirilmoqda.
Eng muhimi, tinglovchilar olgan bilimlarini bevosita mahallalarga borgan holda amaliyotda sinab ko‘rishlari uchun ham barcha sharoitlar yaratilgan. Bundan asosiy maqsad – ichki ishlar organlari uchun har tomonlama yetuk, intellektual va professional rahbarlarni tayyorlashdir.
Magistratura tashkil etilganidan buyon uni tamomlagan 243 nafar tinglovchining aksariyati bugungi kunda rahbarlik lavozimlarida munosib xizmat qilmoqda.
Imtihon va sinovlar jarayonida xizmat faoliyatiga nomunosib topilgan 18 nafar xodim ishdan bo‘shatildi.
Bu yil ham an’anaga ko‘ra magistraturani 73 nafar tinglovchi bitirdi. O‘qish jarayonida 2 nafar tinglovchi o‘quv mashg‘ulotlarini yaxshi o‘zlashtirmaganligi uchun o‘qishdan chetlatilgan. O‘z navbatida, magistraturadagi o‘qish vaqtida ijobiy natijalariga erishgan 2 nafar tinglovchi muddatidan avval rahbarlik lavozimiga tayinlagan.
Yig‘ilishda tashkiliy masalalar ham ko‘rib chiqildi. Ichki ishlar vazirining tegishli buyrug‘i bilan vazirlikning sohaviy xizmatlari, hududiy hamda tuman-shahar ichki ishlar organlari bo‘linmalari boshliqlari va ularning o‘rinbosarlari lavozimlariga rahbarlar tayinlandi.
Tadbirda bayramni yuqori saviyada o‘tkazish uchun eng zarur bo‘lgan osoyishtalikni saqlashgan qaratilgan masalalarga alohida e’tibor qaratildi.
Ko‘rib chiqilgan masalalar hamda aniqlangan kamchiliklar tanqidiy muhokama qilinib, kelgusida xizmat faoliyatini takomillashtirishga oid maqsadli chora-tadbirlar belgilandi.
N.Abduraimova, O‘zA