Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda bir qator qonun loyihalari hamda parlament nazoratiga oid masalalar ko‘rib chiqildi.
Majlisda «Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Mazkur qonun loyihasi bilan aholiga va telekommunikatsiya sohasida faoliyat yurituvchi sub’ektlarga bir qator qulayliklar yaratilmoqda. Qonun loyihasi telekommunikatsiyalar bozorini yanada rivojlantirish orqali xizmatlar hajmi va sifati oshishi, sohada faoliyat yuritadigan tadbirkorlik sub’ektlari soni ko‘payishiga xizmat qiladi.
Shuningdek, majlisda “Ekologik ekspertiza va atrof-muhitga ta’sirni baholash to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ham muhokamalar markazida bo‘ldi. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimovning aytishicha, mazkur qonun loyihasi bilan ekologik ekspertiza faoliyatida qo‘llaniladigan yangi yo‘nalish – ekologik normativlar loyihalarini davlat ekologik ekspertizasidan, strategik rejalashtirish loyihalarini strategik ekologik baholashdan o‘tkazish masalalari aniq belgilanmoqda. Shu bilan birga, davlat ekologik ekspertizasini o‘tkazish tartibi, davlat va jamoat ekologik ekspertizasini o‘tkazishda tomonlarning huquq va majburiyatlari belgilanmoqda.
Bundan tashqari, majlisda kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musayevning «2024 yilda yangi ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligiga ko‘maklashish dasturining ijrosi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida»gi axboroti eshitildi.
Vazirning ma’lum qilishicha, bandlik dasturi doirasida tashkil etilgan ish o‘rinlari va band bo‘lgan aholini onlayn rejimda kuzatib borish maqsadida «yangi ish.mehnat.uz» elektron platformasi ishga tushirildi. Ushbu elektron platforma orqali joriy yilning birinchi yarim yilligida doimiy, mavsumiy va vaqtinchalik ishlarda 2 mln. 900 ming aholining bandligi ta’minlangan. 2024 yilning yanvar-iyun oylarida 8 mingdan ortiq korxona va tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan buyurtmalarga asosan 55 yarim mingdan ziyod band bo‘lmagan aholi haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etilgan.
Joriy olti oyda 16,2 ming nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar bandligini ta’minlash bo‘yicha ishlab chiqilgan dasturga asosan 11 ming 800 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligiga ko‘maklashilgan.
Majlis yakunida ko‘rib chiqilgan barcha masala yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, Doniyor Yakubov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA