Bugun parlament quyi palatasi majlisida kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri B.Musayevning «2024 yilda yangi ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligiga ko‘maklashish dasturining ijrosi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida»gi axboroti eshitildi.

— Joriy yilning birinchi yarmida «Sayxunobod», «Uychi», «G‘ijduvon» va «Zarbdor» tajribalari boshlanib, iqtisodiy kompleks mahallaga tushirilgani hisobiga 4 mingdan ortiq mahalla sanoat va qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashdi, 1 million 600 ming aholi rasmiy band bo‘ldi, — dedi vazir. — Yil yakuniga qadar ushbu tajribalar asosida 2 million 416 ming aholi bandligini ta’minlash rejalashtirilgan. Shu bilan birga, davlatimiz rahbarining 2024 yil 9 yanvardagi tegishli qarorida belgilangan vazifalar ijrosini samarali ta’minlash bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, bandlik dasturi doirasida tashkil etilgan ish o‘rinlari va band bo‘lgan aholini onlayn rejimda kuzatib borish maqsadida tegishli vazirlik va idoralarning elektron ma’lumotlar bazasiga integratsiya qilingan “yangiish.mehnat.uz” elektron platformasi ishga tushirildi. Ushbu elektron platforma orqali joriy yilning birinchi yarim yilligida doimiy, mavsumiy va vaqtinchalik ishlarda 2,9 mln. aholining bandligi ta’minlangan.

Majlisda qayd etilganidek, 2024 yilning yanvar-iyun oylarida bandlik bo‘limlariga 415 ming ishsiz fuqarolar murojaat qilgan bo‘lib, ularning 368,4 ming nafariga bandlik xizmatlari ko‘rsatilgan. Shuningdek, 8,1 mingta korxona va tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan 26,7 ming buyurtmalarga asosan 55,6 ming nafar band bo‘lmagan aholi haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etilgan.

2024 yilning dastlabki olti oyida esa 16,2 ming nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar bandligini ta’minlash bo‘yicha ishlab chiqilgan dasturga asosan 11,8 ming nafar nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligiga ko‘maklashilgan.

Majlisda deputatlar sohada amalga oshirilayotgan ishlarni e’tirof etib, xorijdan qaytib kelgan fuqarolarning bandligini ta’minlashda mehnat organlarining o‘rni sezilarli darajada emasligini, ular faqat monitoring qilish bilan cheklanib qolayotganini qayd etdi.

Shu bilan birga, ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish borasidagi ishlar samaradorligini yanada oshirish choralarini ko‘rish, shuningdek, hududlarda chet davlatlardan qaytib kelgan fuqarolarni ishga joylashtirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini oshirish bo‘yicha tegishli taklif va tavsiyalar berildi.

M.Komilova,

O‘zA