O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “O‘simliklarni himoya qilish sohasidagi litsenziyalash va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarini berish bilan bog‘liq ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq:
Mineral o‘g‘itlarni va o‘simliklarni himoya qilish uchun foydalaniladigan kimyoviy vositalarni olib kirish uchun ruxsatnoma olish tartibi to‘g‘risidagi nizom;
Mineral o‘g‘itlarni va o‘simliklarni himoya qilish uchun foydalaniladigan kimyoviy vositalarni O‘zbekiston Respublikasiga olib kirishda ko‘rikdan o‘tkazish, o‘rganish va tahlil qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom;
Mineral o‘g‘itlarni va o‘simliklarni himoya qilish uchun foydalaniladigan kimyoviy vositalarni muomaladan chiqarish hamda yo‘q qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 21 fevraldagi 80-son qarori bilan tasdiqlangan Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi to‘g‘risida yagona nizomga:
o‘simliklarni himoya qilish sohasidagi litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni jismoniy hamda yuridik shaxslarning murojaatlariga asosan maxsus elektron tizim orqali rasmiylashtirish;
mineral o‘g‘itlarni va o‘simliklarni himoya qilish uchun foydalaniladigan kimyoviy vositalarning ulgurji hamda chakana savdosi bo‘yicha faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziyalash pasportini tasdiqlashni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritiladi.
Qarorda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Soliq qo‘mitasi bilan birgalikda 2024 yil 1 oktyabrga qadar mineral o‘g‘itlarni va o‘simliklarni himoya qilish uchun foydalaniladigan kimyoviy vositalarning O‘zbekiston Respublikasi hududida aylanmasini va bu boradagi xalqaro tajribani tahlil qilib, Majburiy raqamli markirovkalash joriy etiladigan hamda tajriba loyihalari amalga oshiriladigan ayrim turdagi mahsulotlar ro‘yxatiga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritishi belgilangan.
O‘zA