Mustaqillik yillarida barcha sohalar kabi davlat tilida ish yuritish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini yanada oshirish, aholining, ayniqsa, yoshlarning intellektual va ma’naviy salohiyatini yuksaltirish bo‘yicha keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda.

1989 yil 21 oktyabrda “O‘zbekiston Respublikasining davlat tili haqida”gi qonuni qabul qilingan. Ushbu qonun bilan O‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi xalqimizning milliy mustaqillikka erishish yo‘lidagi muhim qadamlaridan biri bo‘ldi, desak adashmagan bo‘lamiz.

Prezidentimiz tashabbusi bilan 21 oktyabr sanasi yurtimizda O‘zbek tili bayrami sifatida belgilandi. O‘zbek tili O‘zbekiston degan o‘tmishi va kelajagi buyuk mamlakatning davlat tilidir. Shunday ekan davlat tili ham har bir davlatning ramzi sanaladi.

Davlatimiz rahbarining BMT oliy minbarida davlat tili – o‘zbek tilida nutq so‘zlagani yoki O‘zbekiston delegatsiyalarining xorijiy davlatlarga tashriflari, sportchilarimizning erishgan munosib g‘alabalari sharafiga o‘zbek tilida madhiyamiz yangrashi har birimizni g‘ururlantirmasdan qo‘ymaydi. Bu o‘z navbatida barchamizga ona tilimizni qay darajada ardoqlashimiz va hurmat qilishimiz kerakligini, ona tilimiz umrboqiy, ma’naviy-ma’rifiy yuksalishning dadil qadami ekanini bildiradi.

Shuni ta’kidlab o‘tish joizki, davlat tilida ish yuritish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini yanada oshirish alohida e’tiborga olingan hamda bu borada bir qator tegishli hujjatlar qabul qilinmoqda.

O‘zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini tubdan oshirish, unib-o‘sib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash, O‘zbekistondagi millat va elatlarning tillarini saqlash va rivojlantirish, o‘zbek tili va til siyosatini rivojlantirishning strategik maqsadlari, ustuvor yo‘nalish va vazifalarini hamda istiqboldagi bosqichlarini belgilash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 20 oktyabrdagi farmoni bilan 2020-2030-yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi va uning asosiy yo‘nalishlari tasdiqlandi.

Kadastr agentligi tomonidan davlat tilida ish yuritish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha islohotlar amalga oshirib kelinmoqda. “Kadastr agentligi, hududiy boshqarmalar hamda tizim tashkilotlarida o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Kadastr agentligining buyrug‘i qabul qilinib, ushbu buyruqqa asosan 2021 yil 1 avgustdan boshlab barcha turdagi ish yuritish hujjatlari, shu jumladan ishlab chiqiladigan va qabul qilinadigan hujjatlar lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida amalga oshirilmoqda. Shuningdek, ichki va tashqi axborot matnlari hamda barcha turdagi ish yuritish hujjatlari va blanklari hamda qonunchilik hujjatlarni lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida bo‘lishini ta’minlash bo‘yicha doimiy faoliyat yurituvchi ishchi guruh tashkil etildi.

– Kadastr agentligining hududiy boshqarmalari hamda tizim tashkilotlarida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha alohida mas’ul xodimlar belgilandi, – deydi Kadastr agentligi direktori maslahatchisi Zarnigor Rustamova. – Qolaversa, Vazirlar Mahkamasining davlat tilida ish yuritish, ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish dasturlari doirasida Kadastr agentligi markaziy apparati va tizim tashkilot xodimlari uchun taqdimot materiallari tayyorlanib, grafik asosida o‘quv-seminarlar o‘tkazildi.

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti bilan hamkorlikda Davlat tilida ish yuritish asoslari bo‘yicha Kadastr agentligi va tizim tashkilotlaridan 500 nafar xodim malaka oshirib, Davlat tilida ish yuritish asoslari bo‘yicha sertifikatga ega bo‘ldi.

Bundan tashqari, Kadastr agentligining rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida axborotlar lotin yozuvidagi o‘zbek alifbosida yuritilmoqda. Kadastr agentligining tizim tashkilotlari barcha rasmiy veb-saytlari va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida lotin yozuvidagi o‘zbek alifbosida axborotlar to‘liq yoritib borilmoqda.

Davlat tilida ish yuritish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish yuzasidan O‘zbekistonda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar har birimizni “Inson qadri uchun” tamoyili asosida yanada mas’uliyat bilan faoliyat yuritishimizga undaydi.

Sh.Mamaturopova,

O‘zA