USD 10500.03
EUR 12607.39
RUB 140.7

Juma, 19 Aprel

Sayt test rejimida ishlayapti. Noqulayliklar uchun uzr so'raymiz.

Qozog‘istonning muvaffaqiyatlari yaqin do‘st va qo‘shni sifatida O‘zbekistonni ham quvontiradi

Qozog‘istonning muvaffaqiyatlari yaqin do‘st va qo‘shni sifatida O‘zbekistonni ham quvontiradi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning taklifiga binoan 6-iyul kuni Qozog‘istonga tashrif buyurdi va Ostona shahrining 20 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirda ishtirok etdi.
Prezidentlar dastlab yaqinda ochilgan “Ostona” xalqaro moliya markazini borib ko‘rdi. Ushbu markazda ishbilarmonlar uchun yaratilgan sharoitlar, istiqbolda belgilangan rejalar bilan tanishdi.
Markaz faoliyati xalqaro moliya institutlari tajribasi asosida yo‘lga qo‘yilgan. Markaz a’zolari uchun ellik yilgacha soliq imtiyozlari berish, viza, valyuta va ish yuritish tizimini soddalashtirish ko‘zda tutilgan.
Davlatimiz rahbari ushbu zamonaviy va innovatsion moliyaviy markaz qardosh Qozog‘istonning katta yutug‘i ekanini ta’kidladi.
Mustaqillik saroyida Ostona shahrining 20 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu tarixiy sana bilan Qozog‘iston xalqi va Prezident Nursulton Nazarboyevni samimiy tabrikladi.
Ostona shahri yangi, mustaqil va izchil rivojlanayotgan Qozog‘istonning yorqin timsolidir. Uning qiyofasida qozoq xalqining boy madaniyati va an’analari, zamonaviy arxitektura yutuqlari mujassam. Bu shahar yirik iqtisodiy va moliyaviy markaz, xalqaro forum va uchrashuvlar maydoni hamdir, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Qozog‘istonning muvaffaqiyatlari yaqin do‘st va qo‘shni sifatida O‘zbekistonni quvontirishi ta’kidlandi. Muntazamlik kasb etgan uchrashuv va tadbirlar xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikni yanada yuqori pog‘onaga olib chiqishiga ishonch bildirildi.
Ma’lumki, 1994-yil 6-iyulda Qozog‘iston Oliy Kengashi mamlakat poytaxtini Olmaotadan Oqmolaga ko‘chirish to‘g‘risida qaror qabul qilgan edi. Prezident Nursulton Nazarboyevning farmoniga muvofiq, 1997-yil 10-dekabrda Oqmola shahri Qozog‘iston Respublikasining poytaxti, deb rasman e’lon qilindi. 1998-yil 6-may kuni Oqmola shahrining nomi Ostona deb o‘zgartirildi. 2008-yili qabul qilingan qonunga muvofiq, “6-iyul – Poytaxt kuni” davlat bayrami etib belgilangan.
O‘tgan davrda shahar hududi ancha kengayib, zamonaviy binolar barpo etildi. Ostona mamlakatning nafaqat siyosiy, balki iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy markaziga aylandi.
Bu yerda mintaqaviy va xalqaro miqyosdagi tadbirlar o‘tkazilyapti. Jumladan, Qozog‘iston poytaxti 2017-yilgi xalqaro ixtisoslashgan ko‘rgazmaga mezbonlik qildi.
Ostona tarixida mamlakatimiz uchun ham e’tiborga molik jihatlar ko‘p. O‘zbekiston Prezidentlari, parlament va hukumat delegatsiyalari bu yerga bir necha bor tashrif buyurgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 22-23-mart kunlari davlat tashrifi bilan Ostonada bo‘lgan edi. Ushbu tashrif natijasida O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi hamkorlik yanada rivojlanib, mavjud ulkan salohiyat ro‘yobga chiqdi. O‘zaro savdo hajmi va nomenklaturasi kengaydi.
Hududlar va ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi aloqalar faollashdi. Madaniy-gumanitar hamkorlik mustahkamlandi. 2018-yil – Qozog‘istonda O‘zbekiston yili doirasida ko‘plab madaniy-ma’rifiy tadbirlar, adabiy uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.
Davlatimiz rahbari 2017-yil iyun oyida Ostona shahrida o‘tkazilgan Shanxay hamkorlik tashkiloti va sentyabrda Islom hamkorlik tashkiloti sammitlarida ham ishtirok etdi.
Rasmiy Ostona Shavkat Mirziyoyevning mintaqa mamlakatlari rahbarlarining uchrashuvini tashkil etish tashabbusini birinchilardan bo‘lib qo‘llab-quvvatladi. Joriy yil 15-mart kuni Ostona shahrida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining birinchi maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu tarixiy sammit mintaqa davlatlari o‘rtasidagi o‘zaro ishonch, sheriklik va yaxshi qo‘shnilik munosabatlarining yangi bosqichini boshlab berdi.
Ostona shahrining 20 yillik tadbirlari yana bir samimiy muloqot maydoni bo‘ldi. Yubileyga Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon ham tashrif buyurdi.
Tantanali marosimda mamlakatimiz san’at ustalari tomonidan ham kuy-qo‘shiqlar, raqslar ijro etildi. Bayram tadbiri xalqlarimiz do‘stligi, madaniy yaqinligining yana bir ifodasi bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘istonga tashrifi chog‘ida Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muzokarada ikki mamlakat hamkorligining istiqbollari, shuningdek, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro masalalar muhokama qilindi.
Davlat rahbarlari oliy darajadagi bo‘lg‘usi tadbirlar kun tartibini ham ko‘rib chiqdilar.
Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘istonga tashrifi nihoyasiga yetdi.

 

O‘zA