AQSH Prezidenti Jo Bayden 2024 moliya yili uchun rekord darajadagi 886,3 milliard dollarlik mudofaa byudjetini imzoladi, deya ma’lum qildi Oq uy.

Xabarga ko‘ra, avvalroq 1 oktyabrda boshlangan 2024 moliya yili uchun nazarda tutilgan byudjet loyihasi AQSH Kongressining har ikki palatasi tomonidan ma’qullangan edi.
Hujjat Mudofaa, Energetika vazirliklari, Davlat departamenti, shuningdek razvedka xizmati va milliy xavfsizlik dasturi faoliyati moliyalashtirilishi tartibini belgilaydi.

Qonun “kelajakdagi ehtimoliy mojarolar oldini olish uchun zarur harbiy kuchni yaratadigan muhim omillarni ta’minlaydi”, deb ta’kidladi mamlakat rahbari.
Amerikalik harbiy xizmatchilarning rasmiy maoshi 5,2 foiz oshadi. Bundan tashqari, mudofaa byudjetida aytilishicha, Xitoyning ba’zi akkumulyator kompaniyalari AQSH xaridida ishtirok eta olmaydi.

Jo Bayden imzolagan byudjet Ukraina xavfsizligiga ko‘maklashish tashabbusini 2026 yil oxirigacha uzaytiradi. Demak, Kiyevga 2024 yil 30 sentyabrda va keyingi yil yakunlanadigan joriy moliya yilida dastur uchun 300 million dollar ajratiladi. Pul AQSH aslaha zaxirasidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berish uchun emas, balki Ukrainaga yuboriladigan qurollarni ishlab chiqarishga sarflanadi.

Bayden ma’muriyati Ukrainani Rossiyaga qarshi mudofaa urushida qo‘llab-quvvatlash uchun ajratilgan mablag‘, deyarli, tugab qolganini bir necha bor ta’kidlagan. Prezident Kongressdan xavfsizlik uchun 106 milliard dollar, jumladan Ukrainaga 60 milliard dollardan ko‘proq yordam ajratishni ma’qullashni so‘radi. Kongressmenlar esa bu taklifni rad etishgan.

G.Sattorova, O‘zA