Yaqinda sun’iy intellekt orqali Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kisidaning qo‘pol, kamsituvchi so‘zlarni aytgan soxta videosi paydo bo‘lishi hukumatni g‘azabga keltirdi.

– Bosh vazir Kisidaning sun’iy intellektdan foydalangan holda tayyorlangan soxta videosi ijtimoiy tarmoqda keng tarqalib ketganidan xabardormiz, – dedi kun chiqar yurt hukumati bosh kotibi Xirokazu Matsuno matbuot anjumanida. – Munosabatlarga izoh berishdan o‘zimni tiygan holda aytmoqchimanki, “sun’iy intellekt yordamida”soxta ma’lumot tarqatilishi demokratiya asosiga putur yetkazadi. Bunday holatga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Nima maqsad ko‘zlanganidan qat’i nazar, yolg‘on xabar jamiyatda tartibsizlik keltirib chiqaradi va muayyan shaxslarga zarar yetkazishi mumkin. hatto, ba’zi hollarda jinoyat sifatida qabul qilinishi ham mumkin.

– Bosh vazirning ovozi va qiyofasi, shuningdek telekompaniya va dastur logotipi sun’iy intellekt yordamida yaratilgan, – deyiladi xabarda. – Internetda saqlangan parchalarda “Bosh vazir” uysiz va malakasiz ishchilar haqida haqoratomuz so‘zlar ishlatgan. Aftidan, bu “spektakl”ning eng beozor qismi.

So‘nggi paytda sun’iy intellekt bilan bog‘liq bahs-munozara ko‘paysa ko‘paydiki, aslo kamaymayapti. Shunday tortishuvlardan biri yaqinda amerikalik tadbirkor Ilon Mask va Buyuk Britaniya Bosh vaziri Rishi Sunak o‘rtasida kuzatildi. Buyuk Britaniyada o‘tkazilgan sun’iy intellekt bo‘yicha birinchi global konferensiya yakuni bo‘yicha kechgan bu bahsda Ilon Mask Britaniya Bosh vaziriga sun’iy intellekt oxir-oqibat odamlarni ishlash majburiyatidan xalos qiladi, degan.

“Telegraph” gazetasi yozishicha, Mask Sunakka “shunday davr keladiki, ish kerak bo‘lmay qoladi, juda xohlasangiz, faqat shaxsiy qoniqish uchungina ishlashingiz mumkin”, degan. Sunak bu fikrga qo‘shilmagan va “ish inson hayotiga mazmun berishi”ga ishonishini aytgan.

Mask, shuningdek, hukumat rahbarini qirollik tadbirkorlarini texnologiya sohasida yangi innovatsion kompaniyalar yaratishga undash uchun soliq imtiyozi joriy etishga chaqirgan.

Noyabrda Buyuk Britaniyada bo‘lib o‘tgan sun’iy intellekt bo‘yicha birinchi global konferensiyada turli mamlakatlar hukumatlari, sun’iy intellekt sohasidagi yetakchi kompaniyalar vakillari va ekspertlar ishtirok etdi. Ilgari ushbu mamlakat hukumati sun’iy intellekt texnologiyasi tez orada shu qadar rivojlanib, ommaviy qirg‘in quroli yaratish imkonini yaratishi yoki inson nazoratidan chiqib ketishidan qo‘rqishini bildirgan edi.

Shu munosabat bilan anjumanda biologik qurol yaratish yoki kiber hujum amalga oshirish uchun sun’iy ongdan zararli maqsadda foydalanish xavfi muhokama qilindi.

Tabiiyki, ekspertlar ayni sohaning insoniyat uchun foydali tomonini ham e’tirof etmoqda. Sun’iy intellekt, ayniqsa, tibbiyot sohasida mislsiz ijobiy samara berishi mumkin. Xususan, sog‘liqni saqlashni raqamlashtirish va sun’iy intellektni joriy etish shifokorning bevosita tashrifi zaruratini kamaytiradi.

– 2030 yilga borib, klinikada yuzma-yuz tibbiy ko‘rik ikki barobar kamayishi mumkin, – degan fikrni ilgari surgan “Webiomed” tibbiy tashhis platformasi ishlab chiqish bo‘yicha direktori Aleksandr Gusev. – Sog‘liqni saqlash tizimining raqamli transformatsiyasi, sun’iy intellekt texnologiyasi va bemor uchun raqamli xizmat faol joriy etilishi ayrim hollarda shifokorning shaxsan borishini virtual yordam bilan almashtirish imkonini beradi.

Shu bilan birga teletibbiyot maslahati, chat-bot, ovqatlanishni tanlash, simptom tekshiruvi kabi raqamli xizmat turlari joriy etilishi ham tibbiyot tashkilotlaridagi, ayniqsa, birlamchi tibbiy yordam sohasidagi yuklamani kamaytirishi mumkin. Tabiiyki, sohada malakali kadrlar tanqisligini bartaraf etish, tibbiyot xodimlari ish sharoitini yaxshilash muhim ahamiyatga ega. Raqamli texnologiyadan foydalanish, haqiqatan, tibbiyot xodimlari ishining sifati va samaradorligini oshiradi, ularning ruhiy salomatligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Sun’iy intellekt tizimi shifokorga kasallikni aniqlash, natijani bashorat qilish, davoni tavsiya etish va tibbiy ma’lumotni tezkor tahlil qilishda yordam beradi, real vaqt rejimida tibbiy yordam ko‘rsatish samaradorligini oshiradi.

– Shifokorlar sun’iy intellekt yordamida tibbiyotni o‘zgartirishga tayyorgarlik ko‘rishi, yangi davrga moslashish uchun ko‘proq bilimga ega bo‘lishi kerak, – deydi Gusev. – Afsuski, sohada axborot texnologiyasi, jumladan, sun’iy intellektni joriy etish yo‘lida jiddiy to‘siqlar ham bor. Xususan, “konservatizm, ba’zan tibbiyot hamjamiyati qarshiligi”, axloqiy muammo va ma’lumot maxfiyligi shunday to‘siqlar sirasiga kiradi.

Internet materiallari asosida

S.Rahimov tayyorladi.

O‘zA