Shu kunlarda mamlakatimiz va xalqaro miqyosda buyuk olim bobokalonimiz Abu Rayhon Beruniyning 1050 yilligi keng nishonlanmoqda.

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi bilan hamkorlikda alloma bobomizning tavallud sanasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida katta tantana bilan nishonlandi.

Ayni kunlarda mazkur yirik ilmiy loyiha qatnashchilari poytaxtimizda bo‘lib o‘tadigan “Abu Rayhon Beruniy ilmiy merosining jahon fani rivojidagi o‘rni” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjumaniga qizg‘in hozirlik ko‘rmoqda. Ushbu konferensiyada qatnashish uchun dunyoning ko‘plab davlatlaridan olimlar ishtirok etmoqda.

Bugun mazkur konferensiya ishtirokchilari poytaxtimizdagi “Yangi O‘zbekiston” majmuasida bo‘ldi.

Bu yerda xorijlik va yurtimiz ilmiy jamoatchiligi shonli tariximiz, yangilanayotgan O‘zbekistonimiz, shiddatli va ortga qaytmas taraqqiyotimiz ramzi bo‘lmish Mustaqillik monumenti poyiga gullar qo‘ydi.

Ushbu muazzam, fayzli majmua timsolida jonajon O‘zbekistonimizda ro‘y berayotgan ulkan o‘zgarishlarga yana bir karra guvoh bo‘lishdi.

— Beruniy o‘zining erkin fikrlashi, xolis yondashuvlari,  samimiyligi, realistik va tanqidiy qarashlari, eng muhimi uslubiy va tizimli tafakkuri bilan barcha zamonlarning eng ilg‘or ilmiy mezon va mentalitetiga amal qilgan siymodir,  — dedi turkiyalik olim Mustafo Demirji. — Beruniyning bunday tanqidiy va izlanuvchan olim bo‘lishida islom jamiyati va madaniyatining ham katta ta’siri bor edi. Eng ahamiyatlisi shundaki, u o‘zi sevgan arab tili orqali butun dunyo ilmlariga erisha oldi.

Mehmonlar shuningdek, Fanlar akademiyasi, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, “Adiblar xiyoboni”, “Talabalar shaharchasi”, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, “Hazrati Imom” majmuasi, Islom sivilizatsiyasi markazi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi kabi maskanlarga ham tashrif buyuradilar.

“Abu Rayhon Beruniy ilmiy merosining jahon fani rivojidagi o‘rni” mavzusidagi xalqaro konferensiya 28 sentyabr kuni poytaxtimizda bo‘lib o‘tadi.

Nazokat Usmonova, Murodxon Xo‘jayev (suratlar), O‘zA