1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni

Ko‘pdan qarzim bor. Uni uzolmayman, uzib bo‘lmaydi. O‘zi ular qanday insonlara?! Berganini hech minnat qilmaydi.

Ishing yurishsa, omading kelaversa sendan ham ko‘proq suyunadi. Ajabo!

Aeroportda, tig‘iz paytda ulardan birini – universitetdagi chet tili o‘qituvchimni ko‘rib qoldim. Ko‘risha olmadim, uzoqroqdan ustoz deya oldim xolos.

Shu shu kunlarda maktabda, universitetda, ishda saboq bergan va berayotgan ustozlarni yodga soluvchi mana shunday voqealarga ko‘p duch bo‘lyapman. Yoqimli his.

Gamburgdan Hamburggacha

Fotograf hamkasblarimdan biri xizmat safari bilan Germaniyaga borib keldi. Taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi. Olgan suratlarini ko‘rsatdi – ajoyib.

Hozir suratlar haqida ham, Yevropa shaharlari haqida ham yozmoqchi emasman. Gap universitetda tarjima san’atidan saboq bergan ustozimning bir eslatmasi haqida.

Professor Shavkat Karimov katta-katta lug‘atlar, tilshunoslikka oid ko‘plab kitoblar muallifi edi.

– Geynrix Geyne, German Gesse, Gamburg deb talaffuz qilsak ona tilimiz imkoniyatlaridan foydalanmayotgan bo‘lamiz, – derdi ustoz. – Chet el adabiyotini bilvosita emas bevosita o‘rganyapmiz. Buning natijasi bo‘lishi kerak, axir. Biz “h” deya olamiz, shu tovush bor bizda. Bu imkoniyatdan nega foydalanmasligimiz kerak? Bu so‘zlar boshqalar orqali bizga shu tarzda kirib kelgan.

Haynrix Hayne, Hermann Hesse, Hamburg… bu so‘zlarni yozayapmanu ustozning boshqa saboqlari ham yodga tushib ketyapti.

Bu voqeani nega esladim? Fotomuxbir o‘shanda tarixiy shaharlardan biri Hamburgdan fotoreportaj tayyorlagan edi.

O‘qish va uqish

Meni nima jin urdi, bilmayman. Ustoz Abdusaid Ko‘chimovning oldin qo‘l telefoniga, keyin qabulxonasiga qo‘ng‘iroq qilib yubordim.

Odatda imkoni boricha rahbarni bezovta qilmayman. Garchi hamisha ochiq yuz bilan qabul qilgan bo‘lsalar ham.

Hayriyat… Telefonda bog‘lana olmadim.

Gaplashganimda nima ham der edim? “Orolga qaytmoqda erka chorloqlar”ingizni o‘qidim, zo‘r chiqibdi dermidim. O‘zi shogirdning ustozga bunday deyishi to‘g‘ri bo‘ladimi, yo‘qmi?..

Boshqa tomondan qarab ko‘raman. Nima qilay, shu maqola menga juda yoqdi. Yana undan jurnalistikaga doir ko‘p narsa uqdim. Xullas, fikrimni bildirgim keldi.

Rahbarini maqtayapti deb o‘ylamang. Siz ham shu materialni bir o‘qib ko‘ring.

“Sahna orti”dagi yo‘lchiroqlar

O‘zAga ishga kelganimga yetti yil bo‘ldi. Abdujalol Taypatovni shundan buyon yaxshi bilaman deb o‘ylayman. Ungacha bu insonni maqolalari orqali tanirdim.

U ko‘p ham o‘zini ko‘rsatavermaydi – “sahna orti”da ishlaydi. “Sahna orti”ning yumushi esa oson emas. Ijodiy jamoamizda mehnati boshqalarga ko‘rinmaydigan, yoshlarni qo‘llab-quvvatlaydigan ustozlar juda ko‘p.

Yosh jurnalistlarimiz imzosi tushirilgan pishiqqina maqolalar shu ustozlarning “elagi”dan o‘tadi. O‘zAda e’lon qilinayotgan tahliliy-tanqidiy mavzudagi maqolalarga o‘sha yo‘lchiroqlarning qalami tekkan.

Aytmoqchi, yaqinda ustoz Taypatovning “O‘g‘il” deb nomlangan kitobini o‘qib tugatdim. Kitobdagi hikoya, ocherk va publitsistik maqolalar samimiy, sodda, tagdor, tasvirlari jonli. Hajman kichik hikoyalarga katta-katta g‘oya va ma’nolarni yuklay olgan ustoz qalamiga yana bir bor havas qildim.

Yosh qalamkash uka-singillarga bu kitobni, albatta, o‘qishlarini tavsiya qilaman.

Natijada…

“Afsus, xonadonga o‘t ketishi natijasida uch kishi jiddiy tan jarohati oldi. Ellik million so‘mlik moddiy zarar ko‘rildi…”

Ishxonada shu xabar uchun qattiq gap eshitgan edim.

Ustoz Qurbon Eshmatov (oxiratlari obod bo‘lsin) bilan qishloq xo‘jaligi jurnalida birga ishlagan, u kishining darsini olgan shogirdlardan biri bo‘lganimni hamisha maqtanib aytib yuraman. Bugun ustoz oramizda yo‘q, lekin ularning o‘gitlari shogirdlarga hamisha yo‘lchiroq.

Kechagiday esimda.

…Ey, bola! “Natija” nima degani ekanini bilasanmi? – ustoz stoldagi qog‘oz-ruchkani sekin chetga suradi. Piyoladagi sovib qolgan choyni bir ho‘plab oladi. – Uch kishi mayib bo‘lsa, hamma narsa kuyib ketsa… natija bo‘ladimi? Shu joyiga, haqing ketsa ham, “oqibatda” degin. Juda bo‘lmasa “tufayli yoki sababli” deb ket…

Bu gapga ham o‘n yilcha bo‘ldi.

Davomi bor…

Ikrom AVVALBOEV, O‘zA