Ayni paytda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Unda bir guruh deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

— Joriy yilda mamlakatimizda konstitutsiyaviy islohotlar amalga oshirilib, Bosh qomusimiz umumxalq ovozi bilan yangi tahrirda qabul qilindi, — dedi parlament quyi palatasi qo‘mita raisi Jahongir Shirinov. — Yangilangan Konstitutsiyamizda parlament palatalari vakolatlariga oid qator yangiliklar o‘z aksini topdi. Shundan kelib chiqqan holda ishlab chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun xujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi bilan 13 ta qonun va 1 ta kodeksga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Xususan, Senatga Qonunchilik palatasi tarqatib yuborilgan davrda Oliy Majlisning qonunlarni qabul qilishga doir vakolatlarini bajarish, qonunni Senatga kelib tushgan kundan e’tiboran 60 kun ichida ko‘rib chiqish vakolatlari berilmoqda. Shuningdek, Senat a’zolari har bir ma’muriy-hududiy birlikdan 4 nafardan saylanishi, 9 nafari Prezident tomonidan tayinlanishi (jami 65 nafar) belgilanmoqda. Senatning prokuratura organlari faoliyati ustidan nazorat qiluvchi komissiyasini tugatish taklif etilmoqda. Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosarlari soni 7 tadan 2 taga qisqartirilmoqda. Bunda Spikerning o‘rinbosarlari fraksiya a’zosi bo‘lishi mumkin emasligi hamda lavozimda bo‘lish davrida siyosiy partiyadagi a’zolikni to‘xtatib turishi belgilanmoqda.

 

Shuningdek, 100 ming nafardan kam bo‘lmagan fuqarolar, Senat, Ombudsman va Markaziy saylov komissiyasi qonunchilik takliflarini Qonunchilik palatasiga kiritishga haqli ekanligi mustahkamlanmoqda. Mazkur norma davlat ishlarini boshqarishda fuqarolarning ishtirokini yanada kengaytiradi. Shuningdek, islohotlarning tashabbuskori sifatida insonlar o‘zlarining kelajagi, orzu-maqsadlarini ro‘yobga chiqarish uchun muhim qarorlar qabul qilishda, jamiyatdagi muammolarni o‘z vaqtida hal etishda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirok etishlari uchun sharoit yaratadi.

Shuningdek, davlat boshqaruvida bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq Senat raisi, Qonunchilik palatasi Spikeri, Bosh prokuror bo‘lishi mumkin emasligi belgilanmoqda, — dedi deputat.

Muhokamalarda deputatlar qonun loyihasining muhimligini ta’kidlagan holda ko‘plab moddalar bo‘yicha aniqlashtiruvchi savollarni o‘rtaga tashladilar, o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.

Jumladan, Spiker o‘rinbosari Zuhra Ibragimova fraksiya rahbarining vakolatlariga oid modda bo‘yicha to‘xtalib, fraksiya rahbari qo‘mitaga a’zo bo‘lishi mumkinmi-yo‘qmi, degan savolni berdi.

— Loyihamizga ko‘ra, faqat 3 ta sub’ekt — Spiker, uning birinchi va yana bitta o‘rinbosari qo‘mitaga ham, fraksiyaga ham a’zo bo‘lolmaydi. Qolgan deputatlik korpusiga kiradigan vakillarning qo‘mitalarga a’zoligi cheklanmagan, — deya javob berdi J. Shirinov.

Muhokamalarda qonun loyihasi bo‘yicha fraksiyalarning xulosalari ham tinglandi.

Majlisda ushbu qonun loyihasini 27 sentyabrdan 14 oktyabrgacha muddatda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yish bo‘yicha qaror qabul qilindi.

 Muhtarama Komilova, O‘zA