Istiqbolli loyihalar aholi bandligini ta’minlash va yurt farovonligiga xizmat qiladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, islohotlar jarayoni, yirik loyihalar bilan tanishish va xalq bilan muloqot qilish maqsadida 2-may kuni Namangan viloyatiga tashrif buyurdi.

Namangan viloyati mamlakatimizning iqtisodiy salohiyati yuqori, boy tarix va madaniyatga ega hududlaridan biridir. Keyingi yillarda viloyat ijtimoiy-iqtisodiy hayoti tubdan yangilanib, shahar va qishloqlar qiyofasi kun sayin o‘zgarib bormoqda, aholi turmush farovonligi yuksalmoqda.

Davlatimiz rahbari dastlab Chust tumanidagi “Baraka meva sanoat servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishdi.

Bugungi kunda mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, xususan, meva-sabzavot yetishtirish, qayta ishlash va eksport qilishga yo‘naltirilgan loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimizning 2018 yil 29 martdagi “O‘zbekiston Respublikasida meva-sabzavotchilikni jadal rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni eksportbop meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirish hajmini ko‘paytirish, umuman, mazkur sohani rivojlantirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

Mazkur mas’uliyati cheklangan jamiyati 2015-yilda faoliyatini yong‘oq, mayiz va kovul eksportidan boshlagan. Jamiyat tasarrufidagi ekin maydonlarida g‘alla, kungaboqar, loviya, kartoshka, makkajo‘xori, issiqxonada pomidor parvarishlanmoqda. 17 sotixli uchastkada qishloq xo‘jaligi mahsulotlari tajribadan o‘tkazilayotir. 32 kishining bandligi ta’minlangan. Mavsum paytida ishchilar soni 800 nafardan oshadi.

Loyiha doirasida 160 gektar maydonga serhosil yong‘oq ko‘chatlari o‘tqazilmoqda. Uning umumiy qiymati 9,6 milliard so‘m bo‘lib, yiliga o‘rtacha 4 ming 600 tonna yong‘oq yetishtiriladi. Yong‘oqlar to‘liq hosilga kirsa, bir yilda 40,2 milliard so‘mlik mahsulot olish mumkin, uning 70 foizi eksport qilinadi.

Shu yerning o‘zida 2018-2019 yillarda baliqchilik, parrandachilik, chorvachilik, pillachilikni yo‘lga qo‘yish, tomorqachilikni yanada rivojlantirish, issiqxonada limon yetishtirish, tutzorlar tashkil etish, og‘ir hududlardagi maydonlarning suv ta’minotini yaxshilash, paxtadan bo‘shagan yerlarga turli ekinlar ekish va eksportbop mahsulotlar yetishtirish, viloyat eksport salohiyatini yanada oshirish bo‘yicha loyihalar taqdimoti ham o‘tkazildi.

Davlatimiz rahbari yong‘oqzorlarni ko‘paytirish, baliqchilik bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash, kartoshka urug‘chiligini rivojlantirish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.

Aholi bandligini ta’minlash, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirishda kichik sanoat zonalarining alohida o‘rni bor.

Prezidentimizga Namangan shahridagi “Orzu” kichik sanoat zonasida amalga oshirilayotgan loyihalar taqdim etildi.

Sanoat zonasining hududi salkam o‘n gektarni tashkil etadi. Bu yerda yengil sanoat, oziq-ovqat, tibbiy texnika, poligrafiya, polietilen paketlar va plyonkalar, energiya tejaydigan lampalar ishlab chiqarishga oid umumiy qiymati 142 milliard so‘mdan ziyod 22 loyihani amalga oshirish mo‘ljallangan. Loyihalar hayotga to‘liq tatbiq etilgach, yiliga 82,2 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqariladi, 4 mingga yaqin kishining bandligi ta’minlanadi. Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning asosiy qismi eksportga yo‘naltiriladi.

Joriy yilning may oyi oxirigacha tikuvchilik mahsulotlari ishlab chiqaradigan “Porloq tekstil liboslari”, “Nurobod sifat tekstil”, “Ulug‘-B”, “Bosir tekstil servis” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari faoliyat boshlaydi.

Sanoat zonasining zamonaviy kommunikatsiya tarmoqlari va infratuzilma obyektlariga yaqin hududda tashkil etilgani korxonalarni kelgusida energiya va boshqa resurslar bilan uzluksiz ta’minlash imkoniyatini yaratadi. Loyihalarda zamonaviy, energiya tejamkor chet el texnologiyalaridan foydalanish ko‘zda tutilgan.

Davlatimiz rahbari tadbirkorlarning muammolarini hal etish, xom ashyo yetkazib berish va mahsulotini sotishga ko‘maklashish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi. Xorijiy texnologiyalarni olib kelish uchun mablag‘ ajratish, eksportni kengaytirish uchun korxonalarga xalqaro maqom berish zarurligini ta’kidladi.

Namangan shahrida yengil sanoatni rivojlantirish, xususan, “Yuksalish”, “Orzu”, “Paxtaliko‘l”, “Xonobod” sanoat zonalarida amalga oshiriladigan loyihalar, Katta Farg‘ona kanalining Uchqo‘rg‘on tumani hududidan o‘tgan qismida kichik GESlar kaskadi qurilishi, “Vodiy neftgaz energiya” korxonasida ishlab chiqarilgan gaz tarmog‘i xavfsizligini ta’minlaydigan innovatsion qurilma taqdimotlari o‘tkazildi.

Prezidentimiz mazkur loyihalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish yuzasidan mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.

Shundan so‘ng Shavkat Mirziyoyev Norin tumanidagi “Besh sada” fermer xo‘jaligi shiyponida Namangan viloyati fermerlari bilan muloqot qildi.

“Besh sada” fermer xo‘jaligi 2004-yil tashkil etilgan. Dolimjon Sharipov rahbarligidagi xo‘jalik ishchilari joriy yilda 27 gektarda g‘alla, 21 gektardan ziyod maydonda g‘o‘za parvarishlamoqda.

Ma’lumki, Prezidentimiz tashabbusi bilan har yil dekabr oyining ikkinchi yakshanbasi mamlakatimizda Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni etib belgilangan. Davlatimiz rahbari shu munosabat bilan 2017-yil 9-dekabr kuni o‘tkazilgan tantanali marosimdagi nutqida paxta maydonlarida hosildorlikni oshirish va yerdan samarali foydalanish maqsadida chigitni “qo‘shqator” va “oltmishlik” sxemalar asosida ekishni yo‘lga qo‘yish va samarasiz bo‘lgan “to‘qsonlik” sxemadan bosqichma-bosqich voz kechish zarurligini ta’kidlagan edi. Bugun viloyat fermer xo‘jaliklari mazkur ko‘rsatmalar asosida g‘o‘za parvarishini zamonaviy texnologiyalar asosida yo‘lga qo‘ygan.

“Besh sada” fermer xo‘jaligi ham g‘o‘zani “qo‘shqator” sxemasi asosida ekishni joriy etdi. Buning natijasida 1 gektar yerga qo‘shimcha 35 ming dona chigit qadalib, hosildorlikni 40 sentnergacha oshirish imkoni paydo bo‘ldi. G‘alla hosildorligi 80 sentnerga chiqarilib, olinadigan sof foyda 35 million so‘mga yetishi kutilmoqda.

Prezidentimiz mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida so‘z yuritar ekan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi sohalarida qilinadigan ishlar hali ko‘pligini ta’kidladi.

– Barcha sa’y-harakatlarimizdan asosiy maqsad xalqimizni rozi qilish, ertangi kunga ishontirishdir, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mirishkorlar Prezidentimizga fermerlar uchun yaratilgan sharoit va imkoniyatlar, davlat tomonidan qaratilayotgan alohida e’tibor uchun minnatdorlik bildirdi.

Shavkat Mirziyoyev Uchqo‘rg‘on tumanidagi “Uztex Uchkurgan” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishdi.

O‘tgan yil noyabr oyida Uztex guruhi tarkibida zamonaviy tipdagi to‘qimachilik majmuasi faoliyat boshlagan edi. Natijada bu yerda 1 ming 600 dan ortiq ish o‘rni yaratildi. Korxona yiliga 12 ming tonna kalava-ip va 3 million dona tayyor trikotaj mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega. Davlatimiz rahbari topshirig‘iga binoan paxtani 100 foiz qayta ishlashga ixtisoslashgan korxona endi to‘liq klaster usuliga o‘tadi.

Prezidentimizga korxona faoliyatini kengaytirish va klaster tizimida amalga oshiriladigan loyihalar taqdim etildi. Hozirgi kunda korxonaga yondosh hududda paxtani yuqori texnologiyalar asosida qayta ishlashga mo‘ljallangan hamda poliefir aralashgan paxta tolasi, momiq mato va tayyor tekstil ishlab chiqariladigan qo‘shimcha quvvatlar foydalanishga topshirilishi rejalashtirilmoqda. Muhimi, yana ko‘plab yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Texnologik jarayonlarga Yevropa davlatlaridan keltiriladigan uskunalar jalb etiladi. Bu mahalliy paxta xom ashyosini qayta ishlash sifatini va eksport ko‘lamini oshirishga xizmat qilishi qayd etildi. Davlatimiz rahbari korxona ish jarayonini ko‘zdan kechirdi, paxta to‘qimachilik klasterini tashkil etish borasidagi ishlar bilan qiziqdi.

Bu yil tumanda 10 ming gektarga yaqin yer maydoni klaster usulida paxta yetishtirish uchun ajratildi. “Tekstil finans Namangan” korxonasi tomonidan xorijdan ekish texnikalari, kultivatorlar, traktorlar, paxta terish va uni qadoqlash kombayni sotib olindi.

Prezidentimiz korxona mutasaddilariga paxtaga sun’iy tolani aralashtirib, mahsulot hajmi va ish joyini, pirovardida byudjetga soliq tushumini ko‘paytirish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berdi. Shuningdek, aylanma mablag‘larni oshirish hisobiga tumandagi kam ta’minlangan oilalarga tuxum va tovuqni lizingga berish kerakligini ta’kidladi.

– Kam ta’minlangan oilalarga ko‘mak berish, ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish “Uztex Uchkurgan” korxonasining brendiga aylanishi lozim, –dedi Shavkat Mirziyoyev. – Shu orqali aholining muhtoj qatlamini ishlashga, yaxshi yashashga o‘rgatamiz, hayotga bo‘lgan ishonchini oshiramiz.

Tumanda klaster tizimida chigit ekishdan to tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan jarayonni sifatli tashkil etish, 2 ta yangi bog‘cha qurish, ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmoqlarini barpo etish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Shu kuni Norin tumani hokimligida viloyat faollari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Videoselektor shaklida o‘tgan yig‘ilishda viloyat iqtisodiyotini rivojlantirish, ta’lim, tibbiyot sohalarini takomillashtirish, aholi bandligini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Namangan viloyatiga tashrifi davom etmoqda.

 

O‘zA