O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Arab Amirliklari Vitse-prezidenti shayx Mansur Ol Nahayon bilan telefon orqali muloqotida keng ko‘lamli hamkorlikni yanada rivojlantirish, Amirliklarning yetakchi kompaniyalari ishtirokida yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Shayx Mansur Ol Nahayon O‘zbekiston rahbarini bo‘lib o‘tgan saylovdagi ishonchli g‘alabasi bilan dildan qutlab, xalqimizga farovonlik va ravnaq tiladi. BAA Prezidenti shayx Muhammad Ol Nahayonning tabrigi va eng ezgu tilaklarini ham yetkazdi.

Ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi. Tovar ayirboshlashning o‘sish sur’ati, qo‘shma korxonalar hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi aviaqatnovlar soni ortayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Bugungi kunda investitsiya loyihalari portfeli 4 milliard dollardan oshib, «yashil» energetika, qishloq xo‘jaligi, transport va logistika, turizm infratuzilmasi va boshqa yo‘nalishlarni qamrab olgan.

BAA tomoni O‘zbekiston Respublikasi hududida ijtimoiy ahamiyatga ega dasturlarni amalga oshirishda ham texnik ko‘mak ko‘rsatib kelmoqda.

Suhbat davomida oliy darajadagi faol muloqotni davom ettirish, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va gumanitar hamkorlikning yirik loyihalarini ilgari surish muhim ekani alohida ta’kidlandi.