O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10 iyul kuni Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining kuzatuvchilar missiyasi boshchiligida mamlakatimizda bo‘lib turgan ushbu tashkilot bosh kotibi Sergey Lebedevni qabul qildi.

Uchrashuv avvalida MDH bosh kotibi davlatimiz rahbarini O‘zbekiston Prezidenti saylovida qozongan ishonchli g‘alabasi bilan samimiy tabriklab, unga baxt-saodat, mamlakatimiz barqaror taraqqiyoti va ravnaqini ta’minlash yo‘lida muvaffaqiyatlar tiladi.

Saylov xalqaro standartlarga to‘liq mos holda o‘tgani qayd etildi.

Saylovchilar ishtirokining yuqori darajasi hamda ovoz berish natijalari aholi amalga oshirilayotgan islohotlar dasturini keng qo‘llab-quvvatlayotgani va unga ishonishidan dalolat ekani alohida ta’kidlandi.

MDH doirasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari ham muhokama qilindi.

Keyingi yillarda O‘zbekiston Hamdo‘stlikning 40 dan ziyod bitimlarini imzoladi, 24 ta sohaviy organlariga qo‘shildi. Kuni kecha Toshkentda MDHga a’zo davlatlar saylov komissiyalari rahbarlari maslahat kengashining birinchi yig‘ilishi o‘tkazildi.

Uchrashuvda ko‘p tomonlama sheriklikni kengaytirishga qaratilgan dastur va loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.