28 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Davlat rahbarlari bir-birini va qardosh xalqlarimizni muborak Qurbon hayiti bilan dildan qutlab, tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tilaklarini izhor etdilar.
Ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish va keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Oliy darajadagi kelishuvlarga muvofiq siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalardagi amaliy hamkorlik yuqori sur’at va samarali tus olgani qayd etildi.
Yurtimizda Turkiyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokida yirik investitsiya loyihalari faol amalga oshirilmoqda. Yil boshidan buyon qariyb 100 ta yangi qo‘shma korxona tashkil etildi.
Joriy yil 1 iyul kunidan boshlab Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimning kuchga kirishi o‘zaro savdo hajmining yanada ortishiga xizmat qiladi. Ikki mamlakat shaharlari o‘rtasida aviaqatnovlar ko‘paymoqda.
Suhbat chog‘ida xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.
Bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlar rejasi ko‘rib chiqildi. O‘zbekiston-Turkiya oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining navbatdagi yig‘ilishi kun tartibini puxta tayyorlash muhimligi alohida ta’kidlandi.