Prezident Shavkat Mirziyoyev Shayxontohur tumanidagi Jangoh mahallasida bo‘ldi.

Mamlakatimizda quyi tizimga qaratilayotgan e’tibor ushbu mahallada ham namoyon. Fuqarolar yig‘ini binosi, ko‘p qavatli uylar zamonaviy qiyofaga ega. Maydonchalar va ichki yo‘llar tekislanib, atrofi obodonlashtirilgan. Bolalar o‘yingohi va avtoturargoh tashkil etilgan.

Davlatimiz rahbari bu ishlarni ko‘zdan kechirdi. Mahalla raisi va vakillari bilan suhbatlashdi.

– Mahallada “beshlik” tizimini joriy qilib, keng imkoniyatlar berdik. Bugun ular aholi bilan davlat o‘rtasida ko‘prik. Bu ko‘prik qancha adolatli, shaffof, mustahkam bo‘lsa, xalqimiz shuncha rozi bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Jangoh mahallasida 6 ming 700 nafardan ziyod aholi yashaydi. O‘ndan ortiq maishiy xizmat va yuzdan ziyod savdo do‘konlarida mahalla yoshlari ham ishlamoqda. Aholining mazmunli hordiq chiqarishi uchun ham sharoitlar yaratilgan.

Davlatimiz rahbari “Yangi Jangoh” boshqaruv servis kompaniyasi faoliyati bilan ham tanishdi. U mahalladagi 52 ta ko‘p qavatli uyga xizmat ko‘rsatadi. 24 nafar mutaxassis va maxsus texnikalar doim shay holatda. Hisob-kitoblarda billing tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Aholiga qulaylik yaratish maqsadida “Mening uyim” mobil ilovasi joriy etilgan.

Mutasaddilar bilan suhbatda kommunal tarmoqlarni yangilab borish, aholi ishonchini qozonib, to‘lovlar barqarorligini ta’minlash yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

Mahalla ayvonida odamlar bilan samimiy suhbat bo‘ldi.

– Biz faoliyatimizning birinchi kunidan hamma ishlarni mahallada amalga oshiryapmiz. Chunki bu insonga eng yaqin tizim. Mahallangizdagi obodlik bir misol. Bunday ishlar faqat Toshkentda emas, Qoraqalpog‘istonu Xorazmda ham, Qashqadaryoda ham, hamma joyda qilinyapti. Xalqimizning o‘zi – adolatli hakam. Bugun yurtimizdagi har bir inson ijobiy o‘zgarishlarni sezyapti. Endi bu ishlarni davom ettirib, moliya, soliq, bandlik kabi idoralarning kamida 30 foiz vakolatlarini mahalla darajasiga tushiramiz. Bu – insonlarning og‘irini yengil qiladigan, ularga sifatli xizmat ko‘rsatadigan xalqchil tizim bo‘ladi, – dedi Prezident.

Nuroniy otaxon va onaxonlar mahalladagi, umuman, yurtimizdagi o‘zgarishlardan xursandligini ta’kidlab, duolar qildi.

Prezidentimiz shu mahalla yaqinida, Abdulla Qodiriy ko‘chasidagi xiyobonda barpo etilgan istirohat yo‘lagini ham ko‘zdan kechirdi. Bu maskan aholi va xorijlik turistlar uchun yana bir diqqatga sazovor joyga aylanishi ta’kidlandi.