Qirg‘iziston parlamenti deputatlari Emil Toktoshev va Kamila Taliyeva bugun bo‘lib o‘tgan majlisda qirg‘iz tilini lotin alifbosiga o‘tkazish bo‘yicha taklif kiritdi. Ularning fikricha, bu til asrab qolinishiga yordam beradi.

– Islohotni muvaffaqiyatli amalga oshirish, tilimizni asrab qolish uchun lotin yozuviga o‘tishimiz kerak, – dedi Toktoshev “Qirg‘iziston Respublikasi davlat tili to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun loyihasini muhokama qilish jarayonida. Taliyeva ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlarkan, buni allaqachon amalga oshirish kerakligini ta’kidladi.

Davlat tili bo‘yicha milliy komissiya raisi Kanibek Osmonaliyev deputatlarga “Agar lotin alifbosiga o‘tish bo‘yicha “siyosiy” qaror qabul qilinsa, filologiya va lingvistika mutaxassislari jarayonni boshlab yuborishga tayyor”, degan.

– Ushbu masala 1993 yil ko‘tarilgan edi, biroq o‘shanda qat’iy bir to‘xtamga kelinmadi. Bugun turkiy tilli mamlakatlar ichida faqat Qirg‘iziston to‘liq kirill alifbosidan foydalanmoqda, – dedi Osmonaliyev.

Muhokama natijasida “Qirg‘iziston Respublikasi davlat tili to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda qabul qilindi. Mazkur hujjat barcha sohada qirg‘iz tilidan foydalanish majburiyligini nazarda tutadi. Shu bilan birga Vazirlar Mahkamasidagi qonun loyihasi tashabbuskorlari ta’kidlashicha, rasmiy rus tilining kamsitilishiga yo‘l qo‘yilmaydi hamda ikkinchi til sifatida foydalanilishi mumkinligi belgilangan.