2022 moliyaviy yilda (u joriy yil 31 martda yakunlangan) Yaponiya Harbiy-havo kuchlari qiruvchi samolyotlari xorijiy harbiy uchoqlarning mamlakat havo hududiga yaqinlashuvi munosabati bilan tezkor ravishda deyarli 780 marta havoga ko‘tarilgan.
Yaponiya O‘z-o‘zini mudofaa kuchlari shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasining e’lon qilgan hisobotiga ko‘ra, 560 ga yaqin parvozlar Xitoy havo harakati bilan bog‘liq.
“KYODO” agentligining xabariga ko‘ra, 150 marta mamlakat qiruvchilari Rossiya samolyotlarini qayd etishgan. Yaponiyada havo hududini buzish holatlari kuzatilmagan.
Mamlakat aviatsiyasi tomonidan bunday tezkor parvozlarining umumiy soni 2021 yildagi holatga nisbatan kamaygan.
Shu bilan birga, Yaponiya Mudofaa vaziri Yasukadzu Xamada matbuot anjumanida Rossiya va Xitoy Harbiy-havo kuchlari mintaqada faol harakat qilishda davom etishini qayd etdi.
“Biz yuqori darajada hushyor bo‘lish va havo hududimizni himoya qilish uchun barcha choralarni ko‘rishda davom etamiz”, deb ta’kidladi vazir.
O‘zA