Ekologiya va atrof-muhit muhofazasi eng dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi loyihasining 49-moddasi beshinchi qismida Davlat Orolbo‘yi mintaqasining ekologik tizimini muhofaza qilish hamda tiklash, mintaqani ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan rivojlantirish yuzasidan choralar ko‘rishi belgilanmoqda.

Mazkur norma amaldagi Konstitutsiyada belgilanmagan edi. Bu kabi normaning alohida belgilanishi Orolbo‘yi mintaqasining ekologik tizimini muhofaza qilish, uni tiklash va rivojlantirish uchun shu yo‘nalishda ilmiy izlanishlar olib borish hamda natijalarini joriy etish bo‘yicha tegishli vazifalarni oldimizga qo‘yadi. Orol dengizining maydoni 10, suv hajmi esa 15 barobarga kamayib suv sathi 29 metrga tushib ketdi. Suv tarkibidagi tuzning ko‘rsatkichi 150-300 gr litrga yetdi. Natijada baliq va jonivorlar qolmay biologik jihatdan o‘lik dengizga aylangan. Orol dengizi qishda va yozda mamlakatimizga kelayotgan havo oqimini ham mo‘’tadillashtirib, termoregulyator vazifasini bajarib bergan. Afsuski, Orolbo‘yi mintaqasida yuzaga kelgan global ekologik muammo mintaqa aholisining hayot tarziga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Shu sababli Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Orol dengizining qurib qolgan qismida ekotizimni yaxshilash, tadqiqotlar va innovatsiyalarning ilg‘or tajribalarini joriy etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Orolbo‘yi mintaqasi uchun ko‘p tomonlama sheriklik trast jamg‘armasi tashkil etildi. 2021 yil 18 may kuni BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasi yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev taklifiga binoan Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to‘g‘risidagi maxsus rezolyutsiyasi qabul qilindi. Respublikamizda iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlarini yumshatish, “yashil” iqtisodiyotga o‘tish, ekologik barqarorlikni ta’minlash va bioxilma-xillikni saqlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.

Bu borada Toshkent kimyo-texnologiya institutida ham bir qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, institut professor-o‘qituvchilari va talabalaridan iborat tarkibda ishchi guruhlar tashkil etilib, Orolbo‘yi mintaqasi hududiga ekspeditsiyalar uyushtirildi. Ekspeditsiya davomida Orol dengizining qurigan tubida yangi turdagi o‘simliklarni yetishtirishni tashkil etish maqsadida Orolbo‘yi hududida o‘sayotgan o‘simliklardan, tuproqdan namunalar olinib, tahlil ishlari amalga oshirildi. bugungi kunda institutda Orolbo‘yi hududidan olingan cherkez va qandim, yantoq, saksovul kabi o‘simliklarning ko‘chatlari hamda tuproq namunalari ustida ilmiy izlanishlar olib borilmoqda.

Mazkur yo‘nalishda olib borilayotgan bu kabi ishlar hududlarning tuproq-iqlim sharoitlaridan kelib chiqib, ekishga yaroqli daraxt-buta ko‘chatlarini yetishtirish, hududlarda “yashil bog‘lar” ni ko‘paytirish, suv tejaydigan texnologiyalarni qo‘llagan holda sug‘orish ishlarini yo‘lga qo‘yish, daraxtzorlarni parvarishlash va zararkunandalarga qarshi kurashishga oid muhim vazifalarning amalga oshirilishiga xizmat qiladi. Rivojlanishning hozirgi bosqichida, ayniqsa ekologik muammolarning keskinlashuvi sharoitida Konstitutsiyaning atrof-muhitni muhofaza qilish bilan bog‘liq normalarining mustahkamlanishi mamlakatimiz ekologik muammolarini hal etishni taraqqiyotning bosh yo‘nalishidan biri sifatida belgilanganligini ifoda etadi.

Orolbo‘yi hududidagi xalqning qulay atrof-muhitga bo‘lgan huquqi insonning asosiy fundamental huquqlaridan bo‘lib, insonning barcha asosiy huquqlarini, shu jumladan yashash huquqini amalga oshirish uchun juda muhimdir. Mazkur normalar aholi va kelajak avlod uchun ekologik toza hududni saqlab qolish, Orolbo‘yi mintaqasida yashovchi aholini ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash, ularni yashashi va rivojlanishi uchun qulay atrof-muhitni ta’minlashning Konstitutsiyaviy kafolatlarini yaratadi.

Botir Usmonov,  

Toshkent kimyo-texnologiya instituti rektori  

O‘zA