Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro A.S.ning yoshga doir pensiyaga chiqishda ish stajlari hisobga olinmaganligi oqibatida pensiya tayinlash rad qilinganligi bo‘yicha murojaati amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq o‘rganib chiqildi.

–O‘rganish davomida fuqaro A.S.ning hisobga olingan ish staji 6 yil 9 oy 12 kunni tashkil qilishi ma’lum bo‘ldi, – deydi Beruniy tumani adliya bo‘limi yetakchi maslahatchisi Vahob Turaniyazov. – Uning mehnat daftarchasida qayd qilingan fermer xo‘jaliklaridagi mehnat staji, davlatimiz rahbarining 2021 yil 4 maydagi “Fuqarolarga davlat pensiyalarini tayinlash jarayonini soddalashtirish hamda pensiya va nafaqalarni yetkazish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qaroriga muvofiq, mehnat staji va ish haqi to‘g‘risidagi hujjatlar Pensiya jamg‘armasi tomonidan “Yagona mehnat milliy tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksidan foydalangan holda, elektron ma’lumotlar almashinuvida o‘z tasdig‘ini topmaganligi tufayli Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi Beruniy tumani bo‘limi tomonidan mehnat stajiga qo‘shib hisoblanmaganligi aniqlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 81-moddasida Mehnat daftarchasi xodimning mehnat stajini tasdiqlovchi asosiy hujjatdir, deb belgilangan. Shuningdek, kodeksning 283-moddasida Ish beruvchilarning davlat ijtimoiy sug‘urtasi uchun badal to‘lamaganliklari sug‘urta qilingan xodimni davlat ijtimoiy sug‘urtasi mablag‘lari hisobidan ta’minlanish huquqidan mahrum qilmasligi kafolatlanishi ko‘rsatilgan.

Yuqoridagilarga asosan, bo‘lim tomonidan Ma’muriy ishlar bo‘yicha Nukus tumanlararo sudiga ariza kiritilib, sudning hal qiluv qarori bilan Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi Beruniy tumani bo‘limiga fuqaro A.S.ning hisobga olinmagan mehnat stajlarini inobatga olish va pensiya tayinlash yuzasidan majburiyat yuklatildi.

Dovud ABIBULLAEV,  

O‘zA muxbiri