Mamlakatimizga xorijdan kirib kelayotgan har qanday tovar-moddiy boyliklar, yurtimizdan olib chiqilayotgan mahsulotlarning barchasi bojxona organlarining qat’iy nazoratida.

Qonunchilikda belgilangan me’yorlardan ortiq qismlarga bojxona to‘lovlarini undirib, davlat byudjetining shakllanishiga hissa qo‘shish, bojxona chegaralari orqali olib o‘tilishi taqiqlangan ashyolarning harakatiga o‘z vaqtida chek qo‘yish, dasturxonimiz to‘kis bo‘lishini ta’minlash bilan bir qatorda ichki ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash, yurtimiz eksport salohiyatini oshirishda sarhadlarda bojxonachilarimiz tomonidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi tomonidan joriy yilning yanvar-fevral oylarida o‘zining fiskal vazifalarini bajarish doirasida bojxona to‘lovlaridan davlat byudjetiga qariyb 82 milliard so‘m miqdoridagi pul mablag‘i o‘tkazilishi ta’minlangan bo‘lib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 71 foizga ortgan. Hukumat qarorlari asosida tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida taqdim etilgan imtiyozlar doirasida boshqarma tomonidan hisobot davrida qariyb 69,6 milliard so‘m miqdorida bojxona to‘lovidan imtiyoz va preferensiya qo‘llanilgan.

2023 yil yanvar-fevral oylari davomida boshqarmaning xulosalariga asosan 11 ta tashkilotga jami 46,3 milliard so‘m miqdoridagi bojxona to‘lovini kechiktirib to‘lashga ruxsat berildi. Bu esa o‘z navbatida tadbirkorlik sub’ektlarining og‘irini oson qilib, o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yish, aholiga yangi ish o‘rinlari yaratishida o‘ziga xos ko‘mak bo‘lmoqda.

Ikki oyi yakuniga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha tovarlar tashqi savdo aylanmasi 88,2 million AQSH dollarini tashkil etdi. Shundan, 44,7 million AQSH dollari qiymatidagi tovarlar eksporti amalga oshirilgan bo‘lsa, import tovarlar ulushi esa 49,4 foizga teng bo‘ldi.

Hisobot davrida Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi TIF va MED postlari orqali eksport qilingan tovarlarning asosiy salmog‘i plastmassadan yasalgan buyumlar, ip-kalava, farmatsevtika, kimyo sanoati mahsulotlari, jun, mo‘yna, teri va ulardan yasalgan buyumlar, qishloq xo‘jaligi, meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlariga to‘g‘ri keladi. Tovarlar importida esa metallar va ulardan tayyorlangan buyumlar, texnoligik asbob-uskunalar, yog‘och va taxta mahsulotlari, kimyo sanoati mahsulotlari, oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi va neft mahsulotlari, transport va uning ehtiyot qismlari yetakchilik qilmoqda.

Mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlari Rossiya, Xitoy, Qozog‘iston, Belarus, Turkiya, Koreya, Germaniya, Latviya, Birlashgan Qirollik, Qatar va boshqa davlatlar bilan o‘zaro savdo sotiq munosabatlarini yo‘lga qo‘ygan.

2023 yil boshidan boshqarmaning Masofaviy elektron deklaratsiyalash (MED) bojxona posti tomonidan jami 2 ming 948 ta bojxona yuk deklaratsiyasi rasmiylashtirilgan bo‘lib, shundan eksportga rasmiylashtirilganlar soni 1 ming 819 tani yoki 61,7 foizini tashkil etib, 2022 yilga nisbatan 58 taga yoki 3,3 foizga oshgan.

Ushbu bojxona yuk deklaratsiyalarining xavfni boshqarish tizimida 1 ming 675 tasi “yashil”, 957 tasi “sariq” va 316 tasi “qizil” yo‘lak orqali rasmiylashtirilgan. Ya’ni, ushbu davrda boshqarma tasarrufidagi bojxona postlari orqali harakatlangan tashqi savdo yuklarining qariyb 90 foizi bojxona ko‘rigidan o‘tkazilmagan yoxud soddalashtirilgan bojxona nazoratidan o‘tkazilgan bo‘lib, atigi 10 foiz yuklarga nisbatan bojxona ko‘rigi amalga oshirilgan.

Yaratilgan sharoitlarga qaramasdan, bojxona to‘lovlaridan bo‘yin tovlash, bojxona xodimlarining ko‘zlarini “shamg‘alat” qilishga urinib, bojxona chegaralari orqali noqonuniy tovar moddiy boyliklarni olib o‘tishga harakat qilish holatlari to‘xtamayapti. Qoraqalpog‘istonlik bojxonachilar tomonidan joriy yilning yanvar-fevral oylarida jami 70 ta holatda qiymati 1 milliard 741 million so‘mlik tovar moddiy boylik huquqbuzarlik ashyosi sifatida ushlab qolindi.

Hisobot davrida jami qiymati 90 million so‘mlik 886 litr sifati kafolatlanmagan spirt va qo‘lbola usulda tayyorlangan alkogol ichimliklarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi. Shuningdek, giyohvandlik moddalar bilan bog‘liq 2 ta holatda 5,61 gr geroin giyohvandlik moddasi, 50 dona “Baklosan” psixotrop vositasi, kuchli ta’sir qiluvchi moddalardan 43 dona “regapen”, 24 flakon “Tropikamid” dori vositalari noqonuniy aylanmadan olindi.

Xulosa o‘rnida qayd etish kerakki, bugun mamlakatimizda yuz berayotgan jadal islohotlar jarayonida bojxona organlari ham zamon bilan hamnafas qadam tashlamoqda. Jumladan butunlay raqamlashgan tizimda xizmat olib borayotgan bojxonachilar ham yurtimiz ravnaqi, xalqimiz osoyishtaligini ta’minlashda tayanch bo‘lib xizmat qilmoqta.

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA