“O‘zcharmsanoat” uyushmasi delegatsiyasining Janubiy Koreyaga amalga oshirgan tashrifi davomida mazkur mamlakatning avtomobilsozlik korxonalari uchun charm mahsulotlarini yetkazib beruvchi “JM” kompaniyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muloqotda mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan charm mahsulotlar sifati, xom ashyo bazasi, korxonalarda qo‘llanilayotgan zamonaviy texnologiyalar, investitsion muhit to‘g‘risida Koreya kompaniyasiga batafsil ma’lumot berildi.

“JM” kompaniyasi Janubiy Koreyadagi eng yirik charm ishlab chiqaruvchi korxona sanaladi. Bu yerda tayyorlanayotgan charm mahsulotlar asosan Hyundai, Kia, Toyota kompaniyalarining avtomobillariga yetkazib beriladi. Kompaniyaning yillik daromadi 250 million dollarni tashkil etadi. 1 milliard dollar evaziga barpo etilgan ishlab chiqarish korxonasi to‘liq Italiya va Germaniya texnologiyalari bilan jihozlangan.

Muloqotda kompaniya O‘zbekistonda so‘nggi yillarda charmsanoat sohasidagi o‘zgarishlar va yangilanishlardan xabardor ekanligi, shu sabab charmning ikkilamchi va tayyor holdagi ko‘rinishini aynan mamlakatimizdan xarid qilishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi.

Shuningdek, “O‘zcharmsanoat” uyushmasi delegatsiyasi ishlab chiqarish jarayonlari, mahsulotlar sifati bilan yaqindan tanishdi. Shu yerning o‘zida “JM” kompaniyasi vakillariga respublikamizning 16 ta hududida tashkil etilgan kichik sanoat zonalari va ularda charmsanoat sohasiga yo‘naltirilgan loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha biznes takliflar taqdim etildi.

Kompaniya Toshkent viloyatida qo‘shma korxona ochish va u yerda ishlab chiqariladigan charmni Janubiy Koreya bozoriga va avtomobilsozlik sohasidagi yirik kompaniyalarga yetkazib berish bo‘yicha o‘z tashabbuslarini bildirdi.

Kompaniya delegatsiyasi aprel oyida Toshkentga tashrif buyurib, charm ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalar bilan muzokaralar o‘tkazishga va amalga oshiriladigan loyihalarni muhokama qilib olishga tayyor ekanligini ma’lum qildi.

O‘zbekistonda tayyorlanayotgan charm mahsulotlar kelgusida Janubiy Koreyaning yirik avtomobil zavodlarida ishlab chiqarilayotgan avtoulovlarda qo‘llanila boshlanadi, deb xabar beradi «O‘zcharmsanoat» uyushmasi matbuot xizmati.

O‘zA