Yangilanayotgan konstitutsiya, undagi o‘zgarishlar va kiritilayotgan yangi moddalarni tushuntirish hamda targ‘ib qilish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi shaxsiy tarkibi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasi mas’ul vakili T.Rahmonov, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti dotsenti, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ma’naviyat va ma’rifat markazi a’zosi, X.Kabulov konstitutsiyadagi o‘zgarishlar va kiritilayotgan yangi moddalar, shuningdek ayni kunlarda mamlakatimizda muhim siyosiy jarayonga tayyorgarlik ishlariga to‘xtaldi.

Ta’kidlanganidek, joriy yil 30 aprelda konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha referendum o‘tkazilishi belgilangan. Mazkur sana oldidan joylarda yangilanayotgan konstitutsiya, undagi o‘zgarishlar va kiritilayotgan yangi moddalar bo‘yicha tushuntirish hamda targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.

Yangilanayotgan konstitutsiya xalqimiz va jamiyatimiz rivoji yo‘lida mustahkam huquqiy asos bo‘lishini ta’kidlab, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha umumxalq muhokamalarida jami 222 ming 715 ta taklif kelib tushganligi va ular asosida loyiha takomillashtirilganligi qayd etildi. Xususan, takliflarning har to‘rttasidan bittasi loyihadan joy olganligi, inson huquq va erkinliklariga oid qoidalar uch yarim baravarga ko‘payganligi ma’lum qilindi.

Ta’kidlash joizki, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bilan amaldagi Konstitutsiyaga 27 ta yangi modda kiritilib, moddalar soni 128 tadan 155 taga oshmoqda. Amaldagi 275 ta norma 434 taga ko‘paymoqda, ya’ni Konstitutsiya 65 foizga yangilanmoqda. Xususan, kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarning siyosiy-huquqiy ahamiyati, ko‘lami va hajmidan kelib chiqib, loyihani yangi tahrirda bayon etishga barcha asoslar borligi, shu bois Konstitutsiyaviy qonun loyihasi nomi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida” deb o‘zgartirilgani bildirildi.

Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, xalqimizning farovon turmush kechirishi, mamlakatimizning suveren, huquqiy, demokratik va ijtimoiy davlat bo‘lishini istagan har bir fuqaro referendumga befarq bo‘lmaydi.


Dovud ABIBULLAEV, O‘zA