Ayni kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari hududlarda, o‘z saylov okruglarida bo‘lib, «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi mazmun-mohiyatini aholi hamda turli soha vakillariga tushuntirmoqda.

Shuningdek, joriy yilning 30 aprel sanasida Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasining referendumi haqida ma’lumot berib, targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib bormoqda.

Xususan, parlament quyi palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi vakillari IT-Park binosida O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi tizimidagi kompaniya, korxona, tashkilot va muassasalar xodimlari ishtirokida targ‘ibot-tushuntirish tadbirini o‘tkazdi.

Tadbirda «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni loyihasi haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

— bugungi kunda hayotimizda raqamli texnologiyalarning o‘rni oshib bormoqda, — dedi qo‘mita raisi o‘rinbosari D.G‘aniyev. —  Ammo, o‘z navbatida, raqamli texnologiyalar vositasidagi so‘zlashuv va yozishmalarning himoyalangani muammosi ham yuzaga kelmoqda. Shu bois yangilanayotgan Konstitutsiyamizda har kimning yozishmalari, telefon orqali so‘zlashuvlari, pochta, elektron va boshqa xabarlari sir saqlanish huquqiga ega ekanligi belgilanmoqda. Bunday huquqlarning cheklanishiga yoki uy-joyda tintuv o‘tkazishga faqat qonunga muvofiq va sudning qaroriga asosan yo‘l qo‘yilishi belgilab qo‘yilmoqda.

Shuningdek, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada davlatning fuqarolarga Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanishni ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratishi kafolatlanmoqda. Zero, O‘zbekistonda internetdan foydalanuvchilar soni 2016 yilda 12,1 million bo‘lgan bo‘lsa, 2022 yilga kelib ikki barobarga, ya’ni 24 milliondan oshdi. Shu bilan birga, mamlakatimiz aholi yashash maskanlari hududining Internet tarmog‘i bilan qamrovi 2016 yildagi 28 foizdan 2022 yilda 98 foizga yetgan. Shu bois ushbu sohadagi tartiblarni mustahkamlash, imkoniyatlarni yanada kengaytirish dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Tadbirda 30 aprelda bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasining referendumi haqida ham batafsil ma’lumotlar berildi. O‘z navbatida, ishtirokchilar ham yangilanayotgan Asosiy qonunimiz yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini, munosabatini bildirdi. Referendum jarayonlariga oid o‘zlarini qiziqtirgan savollari bilan murojaat qildi.

M.Komilova, O‘zA