Bugun poytaxtimizdagi “Ma’rifat markazi” (Simpoziumlar saroyi) binosida Markaziy saylov komissiyasining referendumga doir navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Gibrid shaklda o‘tgan tadbirda referendum o‘tkazuvchi okrug komissiyalarini tuzish hamda Markaziy saylov komissiyasining vakolatiga taaluqli boshqa masalalar muhokama qilindi.

Yig‘ilishda qonun talablaridan kelib chiqqan holda, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan referendum o‘tkazuvchi 14 ta okrug komissiyalarini tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilindi va ularning tarkiblari tasdiqlandi.

Demak, referendum o‘tkazuvchi okrug komissiyalari jami 266 nafar a’zodan iborat bo‘lib, shulardan ayollar 112 nafarni, ya’ni 42 foizni tashkil etadi. Okrug komissiyalari rahbar (rais, rais o‘rinbosari va kotib) lavozimlarida ayollar 38 foizni tashkil etmoqda. Ilk bor okrug komissiyalari raisligiga ikki nafar ayol tasdiqlandi.

Shuningdek, okrug komissiyalari tarkibida nogironligi bo‘lgan shaxslar 5 foizni tashkil etmoqda. Komissiyalar a’zolarining 6,0 foizi yoshlar vakillari, 58,3 foizi 31 yoshdan 50 yoshgacha bo‘lgan fuqarolardan iborat.

Ta’kidlanishicha, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali referendum uchastkasini aniqlash va o‘zgartirish bo‘yicha interfaol xizmat ko‘rsatish tartibi joriy etiladi.

Qolaversa, murojaatlarni ko‘rib chiqish, fuqarolarga referendumga oid maslahatlar berish, huquqiy madaniyatini oshirish maqsadida MSK huzurida tezkor axborot berish markazi tashkil etildi.

Kun tartibidan o‘rin olgan barcha masalalar Markaziy saylov komissiyasi a’zolari tomonidan keng muhokama etildi va tegishli qarorlar qabul qilindi.

O‘tkir Alimov, Doniyor Yoqubov (video), O‘zA