Bugun O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda referendumga tayyorgarlik ko‘rish jarayonlari, xususan, referendum o‘tkazuvchi okrug komissiyalarini tuzish masalasi ko‘rib chiqildi.

– Shu yilning 30 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha referendumni o‘tkazish bo‘yicha qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda, fuqarolar o‘z siyosiy huquqlaridan foydalanishlari uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda, – dedi yig‘ilishni kirish so‘zi bilan ochgan Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizomxo‘jayev. – Markaziy saylov komissiyasining shu yil 16 martdagi majlisida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri chegaralarida 14 ta referendum okruglari tashkil etilgan edi. «O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, referendum o‘tkazuvchi okrug komissiyasi referendum tayinlash to‘g‘risidagi qaror e’lon qilinganidan keyin Markaziy saylov komissiyasi tomonidan o‘n kundan kechikmay komissiya raisi, rais o‘rinbosari, kotibidan va komissiyaning sakkiz-o‘n sakkiz nafar boshqa a’zolaridan iborat tarkibda tuziladi. Referendum o‘tkazuvchi okrug komissiyalarining asosiy vazifasi okrug hududida barcha tayyorgarlik ishlarini ko‘rishdan iborat.

Majlisda Referendum o‘tkazuvchi okrug komissiyalarini tuzish masalasi yuzasidan Markaziy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari Bahrom Qo‘chqorov ma’ruza qildi:

– Referendum o‘tkazuvchi okrug komissiyalari a’zoligiga nomzodlar dastlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining majlislarida atroflicha muhokama qilindi hamda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlash uchun tavsiya etildi. Qonunga muvofiq okrug komissiyalari tarkibiga saylovlar hamda referendum o‘tkazish borasida ish tajribasiga ega bo‘lgan, aholi o‘rtasida obro‘-e’tibor qozongan fuqarolar, shu jumladan huquqshunoslar, iqtisodchilar, pedagoglar, shifokorlar, muhandislar, jurnalistlar va boshqa kasb vakillari kiritilgan. Referendum o‘tkazuvchi okrug komissiyalari jami 266 nafar a’zodan iborat bo‘lib, gender tenglikka alohida e’tibor qaratilgan holda 112 nafari, ya’ni 42 foizi ayollardan iborat tarkibda tashkil etildi. Okrug komissiyalari rahbar (rais, rais o‘rinbosari va kotib) lavozimlarida ayollar 38 foizni tashkil etmoqda. Ilk bor okrug komissiyalari raisligiga ikki nafar ayol tasdiqlandi. Shuningdek, okrug komissiyalari tarkibida nogironligi bo‘lgan shaxslar 5 foizni tashkil etmoqda. Komissiyalar a’zolarining 6 foizi yoshlar vakillari, 58,3 foizi 31 yoshdan 50 yoshgacha bo‘lgan fuqarolardan iborat.

Markaziy saylov komissiyasi majlisida referendum o‘tkazuvchi 14 ta okrug komissiyalarini tuzish to‘g‘risidagi masala yuzasidan komissiya a’zolarining ham fikr-mulohazalari tinglandi va qaror qabul qilinib, ularning tarkiblari tasdiqlandi.

Shuningdek, majlisda saylov yoki referendum uchastkasini aniqlash va o‘zgartirish bo‘yicha interfaol xizmatni joriy etish hamda komissiya huzuridagi tezkor axborot berish markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama etildi. Qayd etilganidek, referendum jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish hamda referendumda ovoz beruvchi fuqarolarga qulayliklar yaratish maqsadida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali referendum uchastkasini aniqlash va o‘zgartirish bo‘yicha interfaol xizmat ko‘rsatish tartibini joriy qilish choralari belgilab olindi.

Fuqarolarga referendumni o‘tkazishga oid masalalar yuzasidan tezkor hamda qulay tarzda huquqiy tushuntirish va maslahatlar berish, ularning referendum qonunchiligi bo‘yicha xabardorlik darajasini, huquqiy madaniyatini oshirish maqsadida Markaziy saylov komissiyasi huzurida tezkor axborot berish markazi tashkil etildi.

Yakunda barcha masalalar yuzasidan Markaziy saylov komissiyasining tegishli qarorlari qabul qilindi.

Muhtarama Komilova, Nosir Haydarov(surat), O‘zA