Quacquarelli Symonds – QS World University Rankings xalqaro reyting agentligi 2023 yilgi dunyo universitetlarining “Fan sohalari reytingi” (Subject Rankings) natijalarini e’lon qildi.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston Milliy universiteti 3 ta (zamonaviy tillar, matematika, fizika va astronomiya) fan bo‘yicha dunyoning kuchli universitetlari qatoridan joy oldi. Jumladan, zamonaviy tillar va matematika fanlari yo‘nalishi bo‘yicha TOP-500 oliy ta’lim muassasalari ro‘yxatidan o‘rin egalladi. Fizika-astronomiya fan yo‘nalishi bo‘yicha esa 501-550 o‘rinlar qatorini band qildi.

O‘zbekiston Milliy universiteti 2022 yilgi reytingda “Matematika” sohasida 451–500-o‘rinda ko‘rilgan bo‘lsa, bu yil shu yo‘nalish bo‘yicha 100 pog‘ona yuqoriga ko‘tarildi.

Xalqaro reyting agentligi e’tirofiga ko‘ra, 2023 yilgi reytingda O‘zMU quyidagi natijalarni qayd etdi:

“Matematika” yo‘nalishi (351-400 o‘rin);

“Zamonaviy tillar” yo‘nalishi (151-200 o‘rin);

“Fizika va astronomiya” yo‘nalishi (501-550 o‘rin).

Ma’lumot o‘rnida, “QS World University Rankings by Subject”  – dunyo universitetlarini 51 ta fan sohasi bo‘yicha ish beruvchilar va xalqaro ilmiy jamiyat o‘rtasida o‘tkaziladigan so‘rovnoma, ya’ni fan sohalarida oliy ta’lim muassasasining nufuzi, “Scopus” xalqaro ilmiy-texnik ma’lumotlar bazasida nashr etilgan ilmiy maqolalarga iqtiboslar va “Xirsh” indeksi, shuningdek xalqaro hamkorlik ko‘rsatkichlarini International Research Network (IRN) ma’lumotlarining baholanishini nazarda tutadi.

O‘zMU Axborot xizmati

O‘zA