Butun islom dunyosida bo‘lgani kabi mamlakatimizga muqaddas Ramazon oyi kirib keldi.

Bu yilgi tabarruk mohi Ramazonning har qachongidan ham shukuhi va fayzi uning mehr-oqibat, ezgulik, tabiatning uyg‘onish ayyomi Navro‘z bayrami tantanalariga ulanib, o‘ziga xos ajib vobastalik kasb etdi. Yurtimiz ahli kecha oqshomdanoq taroveh namozlarini shodu xurramlikda, shukronalikda ado etdilar. Ushbu ma’sud onlar bayram ruhidagi yurtimizga yanada fayz va tarovat baxsh etgani shubhasiz.

Davlatimiz rahbarining  bahor bayrami kunlarida e’lon qilingan “Muqaddas Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori mamlakatimizda bu tabarruk oyning odamlar ma’naviy hayotidagi o‘rni nechog‘li baland ekanidan darak beradi.

Keyingi yillarda Vatanimizda olib borilayotgan islohotlarning yanada ijtimoiylashuvi, unda inson qadr-qimmati ustuvorlik kasb etayotgani ahamiyatlidir. Inson qadri ustun bo‘lgan, erkin va faravon istiqbolni barpo etishda asrlar osha sayqallangan, sinalgan ezgu milliy an’analar, bebaho diniy qadriyatlarimizga tayanib ish ko‘rinmoqda. Oddiy odamlar muammolarini hal etishga astoydil kirishilmoqda.

Yurtimizdagi barcha tashkilot, vazirlik va idoralar, ularning mutasaddilarining asosiy vazifasi shu masalaga qaratilayapti.

Mamlakat rahbari tomonidan yurtdoshlarimizning diniy amallarni ado etishida yanada ko‘proq yengilliklar yaratilmoqda.  Ayniqsa, Umra safari uchun belgilangan kvotalarning olib tashlangani, buyuk ajdodlarimiz merosini o‘rganishga doir ishlar hajmi ortayotgani e’tiborga molikdir.

Diniy manbalarda  keltirilishicha, Ramazon oyi oylarning sultoni, sayidi, eng afzali sanalgan. Bu oyda ezgu amallarga e’tibor yanada kuchayadi. Ginalar unutiladi. Yomonlikning yo‘li to‘siladi.

Davlatimiz rahbarining yuqorida nomi keltirilgan qarori ham muqaddas Ramazon oyining mohiyatiga uyg‘unligi bilan ahamiyatlidir.

Muqaddas oyda ehtiyojmand oilalarga, keksalarga, ko‘makka muhtojlarga yanada ko‘proq e’tibor qaratiladi. Nuroniylar, bemorlar, ko‘ngli yarimlar holidan xabar olish, ularga dalda bo‘lishga oid ishlar hajmi tobora kengayadi. Ibratli, savobli yumushlar yanada ortadi. Xayrli ishlarga rag‘bat  ortib, yaxshilik yo‘lida hamkorlik kuchayadi. Odamlar bir-biriga yanada mehrli, iltifoti bo‘ladilar. Bularning bari jamiyatimizda ijtimoiy barqarorlik, ahillik, hamjihatlik, tinchlik va totuvlik, odamiylik, ezgulik va saxovat muhitini tobora mustahkamlashga xizmat qilishi aniq!

 

Nazokat Usmonova,

O‘zA muxbiri