Bugun, 22 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maxsus vakili Abdulaziz Komilov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi amaliy tashrif bilan Afg‘onistonda bo‘ldi.

Delegatsiya vakillari Kobulda Afg‘oniston Bosh vaziri o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Mulla Abdul G‘ani Barodar, tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Amirxon Muttaki, mudofaa vaziri vazifasini bajaruvchi mulla Yoqub Mujohid, muvaqqat hukumatning boshqa a’zolari va iqtisodiy tuzilmalar vakillari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazgan.

TIV xabariga ko‘ra, muzokara chog‘ida o‘zaro savdo-iqtisodiy aloqani kengaytirish, Afg‘oniston hududi orqali turli tranzit yuklarni tashish hajmini oshirish kabi masalalar muhokama qilingan.

Transport-energetika loyihalarini amalga oshirish, xususan, “Termiz – Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar” temir yo‘lini qurish, “Surxon – Puli-Xumri” yo‘nalishi bo‘ylab elektr tarmog‘ini tortishga alohida e’tibor qaratildi.

Tomonlar ishning amaliy bosqichiga tezroq o‘tish zarurligini ta’kidlab, ikki tomonlama kun tartibidagi barcha masalalar bo‘yicha konstruktiv muloqotni davom ettirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladi.

Uchrashuvda ayollar huquqini hurmat qilish va himoya qilish, qizlarning Afg‘onistonda ta’lim olishini ta’minlash, shuningdek, Termiz shahridagi Ta’lim markazi negizida afg‘on kadrlarini tayyorlash zarurligi ta’kidlandi.

– Suv-energetika sohasidagi hamkorlik muhimligi yana bir bor qayd etildi.Muzokaralar o‘zaro anglashuv ruhida o‘tdi, muhokama qilingan masalalar yuzasidan tomonlar o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish istagini bildirdi, – deyiladi TIV axborotida.

O‘zA