Jahon meteorologiya kuni har yili 23 mart kuni xalqaro miqyosda nishonlanib kelinmoqda. 1950 yilning shu kunida Jahon meteorologiya tashkiloti (Jahon meteorologiya tashkiloti, WMO) tashkil etilgani haqida Konvensiya kuchga kirgan. 1951 yilda WMO Birlashgan Millatlar Tashkilotining meteorologiya (ob-havo va iqlim), operatsion gidrologiya va tegishli geofizika fanlari bo‘yicha ixtisoslashgan agentligiga aylandi.

WMO tashkiloti insoniyat xavfsizligi va farovonligini ta’minlashda o‘ziga xos rol o‘ynab kelmoqda. Shuningdek, u Milliy meteorologiya va gidrologiya xizmatlari o‘rtasidagi o‘zaro aloqani kuchaytiradi va ko‘plab sohalarda meteorologiyani qo‘llashga yordam beradi. Tashkilot o‘z dasturlari orqali atrof-muhitni monitoring qilish va himoya qilish bo‘yicha xalqaro sa’y-harakatlarda etakchi rol o‘ynaydi.

BMTning boshqa agentliklari va Milliy meteorologiya hamda gidrologiya xizmatlari bilan hamkorlikda WMO bir qator ekologik konvensiyalarni amalga oshirib kelmoqda va hukumatlarga tegishli masalalar bo‘yicha maslahat va baholashlarni taqdim etmoqda. Bu tadbirlar barqaror taraqqiyot va xalqlarning farovonligiga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

WMO a’zolari 187 ta davlat va oltita hududdan iborat. Har yili WMO Jahon meteorologiya kunini ma’lum bir shior ostida nishonlaydi va bunda dolzarb global masalalarga e’tibor qaratiladi.

2023 yilda Jahon meteorologiya kunining mavzusi “avlodlararo ob-havo, iqlim va suvning kelajagi” (The Future of Weather, Climate and Water across Generations) bo‘ldi.

Bundan tashqari,  2021 yilda BMTning  Fanlar o‘n yilligi start olgan edi (2021-2030). Ushbu o‘n yillik  barqaror rivojlanish uchun okean tadqiqotlariga bag‘ishlangan bo‘lib, okean fanlari sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasining  Jahon meteorologiya tashkiloti konvensiyasiga qo‘shilishi to‘g‘risidagi hujjat 1993 yil 22 yanvarda kuchga kirgan.

O‘zbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazi (O‘zgidromet) O‘zbekiston Respublikasida gidrometeorologiya sohasidagi muammolarni hal qilish uchun maxsus vakolat berilgan davlat organi hisoblanadi.

O‘zgidromet BMT bo‘g‘inlaridan biri – Jahon meteorologiya tashkilotining (JMT) ajralmas qismi bo‘lib, uning asosiy maqsadi ob-havo va iqlimni kuzatish, meteorologik, gidrologik va boshqa ma’lumotlarni to‘plash va almashishda hamkorlik qilishdan iborat.

O‘zgidromet BMTning Jahon meteorologiya tashkiloti (WMO) konvensiyasi,  Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasi (UNFCCC), Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasining Kioto protokoli (UNFCCC CP), Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Parij kelishuviga qo‘shilgan bo‘lib, ushbu xalqaro tashkilotlar loyihalarida faol ishtirok etib kelmoqda.

 

O‘zA