Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 23 mart kuni oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘paytirish, bahorgi ekin mavsumini samarali tashkil etish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Oziq-ovqat ta’minoti aholi farovonligida va inflyatsiyani jilovlashda eng muhim omillardan biri. So‘nggi yillarda oziqbop mahsulotlar yetishtirishga 200 ming gektar yer ajratilgani hamda 500 ming gektar qo‘shimcha yerlar foydalanishga kiritilgani ichki bozorda narx-navoni barqaror saqlashga xizmat qilayapti.

Xalq dasturxoni to‘kin bo‘lishi uchun davlatimiz rahbarining farmoni bilan 2024 yil 1 yanvargacha 35 turdagi oziq-ovqat mahsulotlariga bojlardan imtiyoz berildi. Bundan tashqari, 1 maydan ijtimoiy reyestrga kirgan aholiga mol, qo‘y va parranda go‘shti, tuxum va o‘simlik yog‘i xarid qilsa, qo‘shilgan qiymat solig‘i qaytariladi. Bu orqali 2 milliondan ortiq oilaga yengillik bo‘ladi.

Jahonda oxirgi ikki yilda oziq-ovqat inflyatsiyasi yiliga 15-20 foizdan pasaymayapti. O‘simlik yog‘i, sut va go‘shtning narxi so‘nggi 30 yildagi eng yuqori darajaga ko‘tarilgan. Transportda tashish, o‘g‘it va yoqilg‘i xarajatlari oshib ketgani ham oziq-ovqat narxlariga o‘z ta’sirini ko‘rsatayapti.

Tahlillarga ko‘ra, bu holat 2023 yilda ham, kelgusi yillarda ham saqlanib qoladi. Shu bois oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘paytirish, odamlarni band qilish bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlar topish kerak.

Yig‘ilishda hududlardagi ana shunday imkoniyatlar tahlil qilinib, ularni ishga solish chora-tadbirlari belgilandi.

– Oziq-ovqat uchun hamma sharoit qilib berildi. Boshqa qo‘shimcha yer berishning iloji yo‘q. Endi ilm, mehnat va samarali texnologiyalar bilan mahsuldorlikni oshirish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘tgan yili oziq-ovqat yetishtirishga imtiyozli kreditlar ajratish, urug‘, ko‘chat, o‘g‘it va mahsulot sotib olishni to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyalashtirish yo‘lga qo‘yilgani yaxshi samara bergan edi. Joriy yilda bu maqsadga 6 trillion 200 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi belgilandi.

Jumladan, Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasidan meva-sabzavotchilikka aylanma mablag‘lar uchun 700 milliard so‘m yo‘naltiriladi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi 130 million dollar mablag‘ni tadbirkorlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ajratadi. Buning uchun tadbirkorlar o‘z loyihalarini vazirlikning shaffof elektron platformasi orqali taqdim qiladi. Ajratilgan kreditning 20 foizi oldindan, qolgan 80 foizi 10 yil davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lanadi. Bunda “bank ustamasi” bo‘lmagani tufayli kredit foizi ham arzon bo‘ladi.

Shuningdek, JICA tomonidan oziq-ovqat yetishtirish va qayta ishlashga 200 million dollar ajratilayotgani qayd etildi.

Ushbu mablag‘lardan samarali foydalanib, yangi bog‘lar tashkil qilish zarurligi ta’kidlandi.

Qishloq xo‘jaligini sanoatlashtirish, odamlarni ishli qilish borasidagi imkoniyatlar ham ko‘rsatib o‘tildi. Masalan, pilla bir oyda eng tez tayyor bo‘ladigan daromadli mahsulot. Lekin, tumanlarda bu bo‘yicha loyiha kam.

Shu bois aholiga yaqin lalmi va yaylov maydonlarni o‘zlashtirib, pilla klasterlari tashkil qilish vazifasi qo‘yildi. Bu yerlar Vetnam tajribasi asosida odamlarga 1-2 gektardan ham tut, ham oziq-ovqat ekish uchun beriladi. Natijada tarmoqda 2 million aholini band qilish va 600 million dollar qo‘shimcha eksport imkoniyati paydo bo‘ladi.

Yana bir foydalanilmayotgan manba – dala va kollektor-drenajlar atrofidagi yerlar. Bunday joylarni aniqlab, fermer xo‘jaligi ishchilari va ehtiyojmand aholiga ijaraga berish mumkinligi aytildi.

Yig‘ilishda qishloq xo‘jaligini texnika bilan ta’minlash masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi.

bugungi kunda klaster, fermer va dehqonlardan 11 mingga yaqin texnika va agregatlarga talab shakllantirilgan. Shu bois 1 apreldan mahalliy ishlab chiqarilgan barcha texnikalar xaridi uchun 15 foiz subsidiya beriladigan bo‘ldi. Import qilingan texnikalar uch yil muddatga bojxona boji va utilizatsiya yig‘imidan ozod qilinadi, ular bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘ini kechiktirib to‘lashga ruxsat beriladi. Texnika xaridi uchun 10 yil muddatga 10 foizlik kreditlar ajratiladi. Mutasaddilarga buni moliyalashtirish bo‘yicha topshiriq berildi.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligiga ko‘p import bo‘layotgan 25 turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini yurtimizda ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalarni ko‘paytirish vazifasi qo‘yildi. Iqtisodiy vositalarni qo‘llab, dehqonlar va tadbirkorlarga qulay sharoitlar yaratish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

Yig‘ilishda muhoakama qilingan masalalar bo‘yicha tarmoq va hududlar rahbarlari, tadbirkorlarning fikrlari eshitildi.