Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida “Har kunimiz Navro‘z bo‘lsin!” shiori ostida bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Filial direktori Adilbay Yesimbetov barchani Navro‘z bayrami bilan samimiy tabriklab, ezgu tilaklarini bildirdi.

Barchamiz intiqlik bilan kutib, katta shodiyona ila nishonlaydigan sevimli ayyomimiz Navro‘z bayrami xalqimizning turmush tarzi va urf-odatlari, an’analarini o‘zida mujassam etgan bayramdir. Beg‘ubor orzu-umidlarimiz va istaklarimizni, his-tuyg‘ularimizni tarannum etadigan ushbu ayyomni munosib tarzda nishonlash allaqachon an’anaga aylangan.

Tadbirda so‘zga chiqqan mehmonlar Navro‘z ayyomi yoshlarni insoniylik, do‘stlik, boshqalarga yordam qo‘lini cho‘zish, mehr-muruvvatli bo‘lish kabi ezgu fazilatlarga ega bo‘lishga chorlaydigan bayram ekanligi haqida to‘xtalib, filial jamoasini bayram bilan qutladi. “Har kunimiz Navro‘z bo‘lsin!” shiori ostida o‘tkazilgan bayram tadbiri doirasida milliy taomlar ko‘rgazmasi tashkil etilib, talaba yoshlar tomonidan ishtirokchilarga xalqimizning eng sevimli milliy taomlari va noz-ne’matlari tortildi. Mehmonlar talabalar tomonidan tayyorlangan taomlardan tatib ko‘rib, yuksak baho  berishdi.

Bayram kechasi filialning iqtidorli yigit-qizlaridan tashkil topgan taniqli “Qarekeңshe onlayn” jamoasi tomonidan tayyorlangan tantanali konsert dasturi bilan davom etdi. Jumladan, qoraqalpoq va qardosh xalqlarning milliy urf-odat va an’analarini o‘zida mujassam etgan holda sahnalashtirilgan ko‘rinishlar, milliy raqs va kuy-qo‘shiqlarning ijro etilishi, xalqimizning milliy o‘yinlari, baxshi va jirovlarning ajoyib chiqishlari barchaga birdek manzur bo‘ldi. Ayniqsa, qoraqalpoq folklori asosida sahnalashtirilgan yigit qizlar bazmi va to‘y ko‘rinishlari tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘ldi.

Shuningdek, Navro‘z bayrami munosabati bilan turli milliy sport musobaqalari ham tashkil etildi.  Milliy bayramimiz mana shu tarzda katta shodiyona bilan nishonlandi.

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA