
O’zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi “Ayollar qanoti” bo‘limi tomonidan “Gender tenglikni ta’minlash va xotin-qizlarni tadbirkorlikka jalb etish, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlash” mavzusida Nukus shahridagi “Mustaqillik” mahalla fuqarolar yig‘inida mahalla xotin-qizlari bilan uchrashuv tashkil qilindi.
Unda aksiyadorlik-tijorat “Mikrokreditbank” ning Qoraqalpog‘iston filiali, “Tadbirkor ayol” tadbirkor xotin-qizlar assotsiatsiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi, Nukus shahar Ichki ishllar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi xodimlari, hokim yordamchisi, mahalla xotin-qizlar faoli va ommaviy axborot vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuvda asosan 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida Gender tenglikni ta’minlash siyosatini davom ettirish, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlikka kenroq jalb etish, mahalladagi “Ayollar daftari” ro‘yxatida turgan xotin-qizlar bilan manzilli ishlash, xotin-qizlar orasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish kabi masalalar muhokama qilindi.

Ta’kidlandiki, so‘nggi yillarda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarga erishish, jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ularning teng ishtirok etishini ta’minlash, xotin-qizlarni ijtimoiy-huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, tazyiq va zo‘ravonliklardan himoya qilishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Gender tenglik masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, sohaga oid 25 ta qonunchilik hujjati qabul qilindi.
–Xotin-qizlarni ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash, ular bilan manzilli ishlash maqsadida “Ayollar daftari” tizimi joriy etilib, bu borada mahallalar kesimida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi Nukus shahridagi “Mustaqillik” mahalla fuqarolar yig‘ini xotin-qizlar faoli Nasiba To‘remuratova. –bugungi kunda 2 ming 45 ta oilada 3 ming 600 nafardan ziyod xotin-qiz istiqomat qilib kelmoqda. Hududdagi “Ayollar daftari” ning 4 bosqichiga 151 nafar xotin-qiz xatlov qilingan bo‘lsa, shundan ishsiz 50 nafari ruyxatga olindi. Ularni kasb-hunarga o‘rgatish, tadbirkorlikka kengroq jalb etish, shu orqali o‘z bandligini ta’minlash maqsadida tegishli tashkilotlar bilan birgalikda targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda.
–Bu borada davlatimiz rahbarining 2021 yil 27 martdagi “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida amalga oshiriladigan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qaroriga asosan bir qator ishlar amalga oshirildi, – deydi aksiyadorlik-tijorat “Mikrokreditbank” Qoraqalpog‘iston filiali ijtimoiy kredit bo‘limi mudiri Baxtiyor Saparov. – Jumladan, o‘tgan yilda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi davomida jami 3 ming 329 ta tadbirkorlik sub’ektiga 111,2 milliard so‘m miqdorida imtiyozli kredit ajratilgan bo‘lib, shundan mikrofirma va kichik korxona tashkil etgan 794 ta yuridik shaxsga 63,5 milliard so‘m va o‘zini o‘zi band qilgan 2 ming 535 ta jismoniy shaxsga 47,7 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Bundan tashqari, kam ta’minlangan, ya’ni “Temir daftar” ro‘yxatida turgan 15 ta oilaga 185 million so‘m, “Ayollar daftari” ro‘yxatida turgan 320 nafar xotin-qizga 3,4 milliard so‘m, “Yoshlar daftari” ro‘yxatida turgan 1 ming 667 nafar yoshlarga 54,8 milliard so‘m imtiyozli kredit ajratildi. Bundan tashqari, “Oilakredit.uz” platformasi orqali ham jismoniy shaxslar internetdan ariza topshirib, tadbirkorlikni boshlash istagida yurgan fuqarolar kredit olish imkoni mavjud.
Uchrashuv davomida tegishli soha vakillari tomonidan xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlikka kengroq jalb etish, xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ijtimoiy tarmoqlar orqali firibgarlar to‘zog‘iga tushib qolmaslik, turli mazmundagi feyk xabarlarga ishonmaslik, xotin-qizlar orasida huquqbuzarlik, jinoyatchilik va firibgarlikning oldini olish borasida olib borilgan ishlar bo‘yicha ma’ruzalar tinglandi.
Mahalla xotin-qizlari tadbirkorlik sohasiga oid, banklar tomonidan berilayotgan kredit turlari bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollariga soha vakillaridan atroflicha javob oldi.
Dovud ABIBULLAEV, O‘zA