Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti huzuridagi Nukus konchilik institutida “Har kuning Navro‘z bo‘lsin, jonajon O‘zbekistonim!” shiori ostida bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Unda institut direktori A.Qaipbergenov yig‘ilganlarni yangilanish va yasharish ayyomi – Navro‘z bayrami bilan qutladi.

Ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbarining joriy yil 1 martdagi “2023 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida” gi qarori asosida sharqona yangi yilning boshlanishi bo‘lgan Navro‘zi olam  mamlakatimizda “Har kuning Navro‘z bo‘lsin, jonajon O‘zbekistonim!” degan bosh g‘oya asosida umumxalq sayllari shaklida yuksak saviyada nishonlanmoqda. Chunki, xalqimiz tarixi va madaniyatining bir bo‘lagi bo‘lgan Navro‘z qadimiy bo‘lishi bilan birga, har yili biz bilan birga yangilanib borayotgan qadimiy an’anaviy bayram hisoblanadi.

Bayram tomoshalari Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist M.Nurjanova ijrosidagi “Men bahorda tug‘ildim” qo‘shig‘i bilan boshlandi. Shundan so‘ng, taniqli san’atkorlar va talaba yoshlar, “Muxalles” dutorchilar va o‘quv yurtining “Ziyuar” ansambllari a’zolarining ijrosidagi qo‘shiq va raqslar yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi. Institut yoshlaridan tashkil topgan “Almaz” quvnoqlar va zukkolar jamoasi a’zolarining chiqishlari, iqtidorli talabalar ijrosidagi sirk tomoshalari  barchada katta qiziqish uyg‘otdi. Bayram tomoshasi institut direktorining Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari  Q.Yusupov ijrosidagi “Xo‘sh kelding Navro‘z” qushig‘i bilan yakunlandi.

Bayram munosabati bilan sumalak sayli tashkil etildi. Guruhlar tomonidan milliy taomlar, hunarmandchilik buyumlari va milliy kiyimlar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Milliy o‘yinlar bo‘yicha musobaqalar o‘tkazilib, g‘oliblar taqdirlandi. Yangilanish va yasharish ayyomi – Navro‘z bayramini bo‘lajak konchilar ko‘tarinki ruhda nishonladi.

Dovud ABIBULLAEV,  

Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA